Oʻzbekiston Prezidenti Aliyev va Pashinyanni “Insoniy birodarlik” mukofotiga sazovor boʻlgani bilan tabrikladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Kecha, 4-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdirlash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.
Unda davlatimiz rahbari mukofotga sazovor boʻlgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni tabrikladi.
“Siyosiy yetakchilarning uzoq davom etgan mojaroni oqilona hal etish, tinchlikka erishish yoʻlidagi birgalikdagi saʼy-harakatlari, hech shubhasiz, ushbu nufuzli mukofotga haqli ravishda munosibdir.
Erishilgan kelishuv muammo yechimiga masʼuliyatli yondashuvning yorqin namunasi boʻlib, keng mintaqamizda barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi tarixiy qadam boʻldi.
Bugungi kunda faqat ahillik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash va yaqin doʻstlik orqali xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligini taʼminlash mumkin”, dedi Prezidentimiz marosim ishtirokchilariga murojaatda.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston har qanday nizo va ziddiyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, xalqaro huquq tamoyillari va yaxshi qoʻshnichilik asosida hal etish tarafdori ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyatining gumanitar tashabbuslarni faol ilgari surish, xalqaro maydonda muloqot madaniyatini izchil yuksaltirish borasidagi xizmatlarini alohida eʼtirof etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring