Oʻzbekiston-Polsha: parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

17:29 19 Iyun 2023 Siyosat
730 0

Joriy yilning 12-13-iyun kunlari Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Polsha Respublikasida boʻldi.

Tashrif doirasida “Oʻzbekiston-Polsha” parlamentlararo doʻstlik guruhlarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, shuningdek, Polsha Senati raisi oʻrinbosari B. Borusevich, Seym vitse-spikeri R. Terlisk va Mazoviya viloyati marshali (rahbari) A. Struzik bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Polsha munosabatlarining holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida oʻzaro tajriba almashishni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, mamlakatimiz barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.

Polsha tomoni Oʻzbekistonda demokratik davlat asoslarini mustahkamlash va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan muddatidan ilgari Prezident saylovi davlat zimmasiga yuklatilgan yuksak masʼuliyatni, amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning chinakam demokratik mohiyatini yaqqol namoyon etadi.

Muloqot chogʻida ikki tomonlama parlamentlararo muloqot izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni faollashtirishda oʻzaro qiziqish bildirildi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham koʻrib chiqdilar. Iqtisodiyotning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati, agrar va energetika sektorlaridagi loyihalari ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

Ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni faollashtirish maqsadida polshalik parlament aʼzolari Polsha-Oʻzbekiston iqtisodiy forumini oʻtkazishni taklif qildilar.

Mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikning ishonchli ikki tomonlama asoslarini shakllantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini taʼkidlab, ikki davlat poytaxtlari oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani ishbilarmonlik aloqalarining oshishiga, oʻzaro sayyohlik oqimining oshishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер