Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi tizimida Gender tengligi strategiyasi amalga oshirilmoqda

22:55 09 Dekabr 2021 Iqtisodiyot
1492 0

Toshkentda BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Agrar sohada bilimlar va innovatsiyalar (AKIS) milliy markazi koʻmagida tashkil etilgan “Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi tizimida Gender tengligi strategiyasini amalga oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

FAO bilan yaqin hamkorlikda oʻrmonlarni boshqarish siyosati va amaliyotlarida gender tengligi tamoyillari joriy etilmoqda. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining ilk bor 2021-2025-yillarga moʻljallangan uzoq muddatli Gender strategiyasi ishlab chiqilganligi bu boradagi katta yutuq boʻldi. Ushbu strategiyaning amalga oshirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmonlarni boshqarish samaradorligi takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 6 oktabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlarning bajarilishiga yordam beradi.

Gender tengligi strategiyasi ilgʻor xorijiy tajriba asosida, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari va manfaatdor shaxslarning fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasining “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Ayollarni taʼqiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari, shuningdek Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari mazkur Strategiyani ishlab chiqish uchun huquqiy asosi boʻldi.

— 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligida gender masalalari tahlili oʻtkazildi, oʻrmonzorlar va ularga tutash aholi punktlarida yashovchi mahalliy aholining fikri oʻrganildi, — deydi FAOning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Meʼyoriy-huquqiy bazaning kamchiliklari aniqlandi. Olingan maʼlumotlar asosida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Gender tengligi strategiyasi va 2021-2022-yillarga moʻljallangan Gender harakatlar rejasi ishlab chiqilib, unda oʻrmon bilan bogʻliq jamoalarning asosiy ustuvor yoʻnalishlari va ehtiyojlari aks ettirilgan.

Hujjat FAOning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha Dehqonobod, Kitob va Pop davlat oʻrmon xoʻjaliklarida amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlarda oʻrmonlarni barqaror boshqarish, oʻrmon hududlarining axborot tizimlari va elektron xaritalarini yaratish, gender tengligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratgan holda mahalliy aholini oʻrmon xoʻjaligini boshqarish jarayonlariga keng jalb qilish ishlari olib borilmoqda.

Oʻtkazilgan konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi hamda viloyatlar oʻrmon xoʻjaliklari boshqarmalari huzuridagi Gender kengashlari faoliyati uchun platforma tayyorlash imkonini berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер