Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari 32 mlrd. dollardan oshdi
Markaziy bank Oʻzbekiston rasmiy zaxira aktivlari hajmi 32,3 mlrd AQSH dollari tashkil etishini maʼlum qildi. Oltin-valyuta zaxirasi 2020-yil boshidan deyarli 11 foizga oʻsgan va taxminan 20 oy davomida importni moliyalashtirishga yetadi.
Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari 32 mlrd dollardan oshdi
Oʻzbekiston rasmiy zaxira aktivlari hajmi 32,331 mlrd AQSH dollariga teng boʻldi, deya maʼlum qilinadi Markaziy bankning mamlakat xalqaro zaxiralari toʻgʻrisidagi statistikasida.
Hisob-kitobga koʻra, jami 32,331 mlrd dollarli zaxira hajmidan 19,482 mlrd dollarni oltin tashkil etadi. Shu bilan birga, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar 12,484 mlrd dollarga teng. Qolgan 364,9 mln dollar esa SDR (maxsus qarz olish huquqlari — Halqaro valyuta jamgʻarmasining xalqaro zaxira va toʻlov vositasi)dan iborat.
2020-yilning boshidan Oʻzbekiston rasmiy zaxira aktivlari hajmi deyarli 11 foizga oʻsgan (1-yanvar — $29,172 mlrd va 1-iyul — $32,331 mlrd).
Oʻzbekistonning «xavfsizlik yostigʻi» hisoblanmish oltin-valyuta zaxirasi taxminan 20 oy davomida importni moliyalashtirishga yetarli boʻlib, XVJ va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan koʻrsatkichdan koʻp.
Maʼlumot uchun, Markaziy bank xalqaro zaxiralarni hisoblash metodikasini Xalqaro valyuta jamgʻarmasining standartlari asosida yuritadi. Xalqaro zaxiralarning tarkibi xorijiy valyuta aktivlari va quyma shaklidagi monetar oltindan iborat.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring