“Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” toʻplami Toshkent viloyatiga tuhfa etildi
Yurtimizda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan xayrli va ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlarning chop etilgani va begʻaraz taʼlim muassasalariga tarqatilayotgani ham buning yaqqol ifodasidir.
Navbatdagi marosimda Toshkent viloyatidan tashrif buyurgan taʼlim tizimi vakillari ushbu ajoyib toʻplamni olish imkoniyatga ega boʻlishdi.
— Bugun biz Toshkent viloyatidagi 870 ta maktabga 20 jildlik kitob-albomlarni olishlari uchun maxsus sertifikatlarni topshirdik, — dedi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Sanjar Gʻulomov. — Kelajakda toʻplamni faqatgina oʻzbek tilida emas, ingliz va rus tillarida ham nashr etishni rejalashtirganmiz.
Darhaqiqat, ayni kunlarda maktab oʻquvchilari ixtiyoriga topshirilayotgan chiroyli tasvirlar va maʼnaviy xazinaga toʻla kitoblar shunchaki oʻquv quroli emas, yosh avlodni mamlakatimiz tarixiy oʻtmishi bilan tanishtiruvchi koʻprik vazifasini oʻtashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida qatnashchilarga kitob-albomlarni bepul olishlari uchun sertifikatlar topshirildi.
Samandar PARDABOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring