Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi Dushanbeda ham nishonlandi
Tojikiston poytaxtida 1-sentyabr kuni Oʻzbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlangan rasmiy qabul marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Tojikiston Bosh vazirining oʻrinbosari Sulaymon Rizoi Ziyozoda, Sanoat va yangi texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Isojon Yatim Qurbonzoda, Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Sodiq Imomiy va Madaniyat vazirining oʻrinbosari Manuchehr Sharifzoda ishtirok etdi.
Qabul marosimi ishtirokchilari orasida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi boshqarmalari, vazirlik va idoralari rahbarlari, Dushanbeda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar, yetakchi OAV bosh muharrirlari va muxbirlari ham bor edi.
Oʻzbekiston elchisi Ergash Shoismatov ikki davlat madhiyalari ijro etilgach, mehmonlarga qutlov nutqi bilan murojaat qildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi hamda mamlakatimiz tarixiy shaharlarining diqqatga sazovor joylariga bagʻishlangan videofilmlar namoyish etildi.
Qabul marosimining musiqiy qismida Tojikiston Davlat orkestrining solistlari oʻz konsert dasturini taqdim etishdi. Surxondaryo viloyati hunarmandlar uyushmasi vakillari tomonidan Oʻzbekiston milliy mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etildi. Shuningdek, mehmonlarga Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini ochib beruvchi materiallar namoyish etildi.
Rasmiy qabul marosimi bayramona ruhda oʻtdi. Mehmonlar Oʻzbekistonning anʼanaviy mehmondoʻstligini urgʻulashdi. Barcha ishtirokchilar Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanib, rivojlanib boraveradi, degan fikrni bildirishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring