Oʻzbekiston mevalari “iqlim nazorati”ga ega vagonlarda Rossiyaga yetkazib beriladi

13:29 17 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
1696 0

Shu kunlarda yurtimiz dehqonlari yetishtirgan sabzavot va mevalarni sovutqichli konteynerlarda Rossiyaga yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

“Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar bilan hamkorligimiz katta salohiyatga ega”, deya Rossiya oziq-ovqat sektori tashkilotlari assotsiatsiyasi prezidenti Mixail Sinev soʻzidan iqtibos keltiradi «Logirus» veb-sayti. “Qizigʻi, bugungi kungacha Rossiyaga Oʻzbekistondan birorta ham sovutqichli vositalarga ega konteynerlar kelmagan. Loyihada temir yoʻlning harakatdagi tarkibi uchun turli imkoniyatlarni ishga solish, yangi logistika yechimlarini taklif etish orqali ogʻir yuk tashuvchi avtotransport vositalaridagi yuklarning maʼlum qismini temir yoʻl vagonlarida olib borish koʻzda tutilgan. Shundagina biz haroratni kuzatib borish va mahsulotni yetkazib berish talablariga rioya qilishni nazorat qilishimiz yengil boʻladi».

Respublikaning turli mintaqalaridagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Toshkent shahrida yigʻilishi rejalashtirilgan. Mahsulot Toshkentda saralanadi va keyinchalik sovutqichli konteynerlarda tashishga tayyorlanadi. Yuk tashish yoʻnalishi va tafsilotlarini belgilab olish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda, biroq shuni oldindan ayta olish mumkinki Rossiya hududida yuklarni tushirish uchun eng salohiyatli punktlardan biri – bu Samara shahridir. Aynan ushbu shaharda kelgusida “Oʻzbekiston – Rossiya” logistika markazini yaratish rejalashtirilmoqda.

Sinov muddati davrida umumiy hajmi 100-200 tonnadan iborat yuklar Rossiyaga 5 tadan tortib 10 tagacha sovutqichli konteynerlarga ega poyezdlarda joʻnatiladi. Loyiha sinovdan muvaffaqiyatli oʻtsa, yuklarni muntazam ravishda, haftasiga bir marta joʻnatish rejalashtirilmoqda. Yuklar asosan uzum, xurmo, anor va sabzavotlardan tashkil topadi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida yagona elektron platformani yaratish imkoniyati ham muhokama qilinmoqda. Unda oʻzbekistonlik meva-sabzavot yetishtiruvchilar vositachilarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri Rossiyada xaridorlar topishlari va mahsulot yetkazib berishni oʻzlari nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻlishlari mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер