Oʻzbekiston — Malayziya laboratoriyasini yaratish rejalashtirilmoqda

19:17 11 May 2021 Iqtisodiyot
967 0

Bugun mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyati, Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va Malayziya Qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot va taraqqiyot instituti (Malaysian Agricultural Research and Development Institute – MARDI) oʻrtasida onlayn-muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

MARDI qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yangi yuqori mahsuldor navlarini aniqlash, zamonaviy ilgʻor texnologik yechimlarni joriy etish, jumladan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va ularni tijoratlashtirish maqsadida 1969-yilda Malayziya hukumati qarori bilan tashkil etilgan. Institutda yangi innovatsiya ilmiy ishlanmalarini sinovdan oʻtkazish boʻyicha ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar ham mavjud.

Muzokaralar chogʻida Malayziya tomoni qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish, jabhaga sarmoyalar jalb etish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirildi.

Tadbir yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va MARDI oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash, uning doirasida oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari, jumladan, sholi urugʻi va mevalarning yuqori mahsuldorlikka ega boʻlgan yangi turlarini aniqlash boʻyicha tadqiqot oʻtkazish uchun qoʻshma laboratoriya yaratish toʻgʻrisidagi kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер