Oʻzbekiston Koreya Respublikasi bilan atom energetikasi sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganmoqda
Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari – “Oʻzatom” agentligi bosh direktori boshchiligida Oʻzbekiston delegatsiyasi yadro energetikasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini aniqlash va atom elektr stansiyalarini qurish tajribasini oʻrganish maqsadida Janubiy Koreyadagi Korea Electric Power Corporation, Korea Hydro & Nuclear Power, Hyundai Engineering and Construction, Doosan Heavy Energy, Korean Nuclear Association kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, delegatsiya dunyoda faoliyat yuritayotgan eng yirik, belgilangan quvvati 7743 MVt.ga (birinchi va ikkinchi fazadagi 8 ta reaktor) teng boʻlgan Kori AES bilan tanishdi.
Kori AESning birinchi reaktori quvvati 607 MVt. boʻlib, u 1977-yilda ishga tushirilgan va 40 yil davomida samarali ishlatilganidan keyin jami 148,6 mlrd. kVt*s elektr energiyasini ishlab chiqarganidan soʻng toʻxtatilgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi AESda umumiy quvvati 2800 MVt.ga teng boʻlgan 5 va 6 energobloklarni borib koʻrdi (ikkinchi fazadagi). Ushbu reaktorlardan tijoriy maqsadda foydalana boshlash tegishli ravishda 2023 va 2024-yillarga moʻljallangan.
Shuningdek, delegatsiya yangi 4- energoblokni (ikkinchi fazadagi) borib koʻrdi. U 2019-yil 29-avgustda tijoriy foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda delegatsiya turbina oroli, markaziy operatorlik zonasi, ishlatilgan yadro yoqilgʻisini saqlash zonasini borib koʻrish orqali faoliyat yuritish va foydalanish jarayonini batafsil oʻrganib chiqdi.

Shuni taʼkidlash kerakki, Koreya Respublikasida 4 ta yirik atom elektr stansiyasi mavjud boʻlib, ularda 25 ta reaktor amal qilmoqda (24 866 MVt), energiya ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda 5- oʻrinni, AES ning belgilangan quvvati boʻyicha 6-oʻrinni egallaydi.
Bugungi kunda har birining quvvati 1400 MVt (APR) boʻlgan jami 4 ta reaktorda qurilish jarayoni olib borilmoqda va ular Fukusimadan keyingi xavfsizlik talablariga toʻliq javob beradi.
Atom energetikasi Janubiy Koreyaning energetik xavfsizligini taʼminlashda, shuningdek, uning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol oʻynaydi. Chunki u oʻzining uglevodorod zaxiralariga ega emas va barcha energoresurslarining 98 foizgacha boʻlgan qismini eksport qiladi.
2018-yil yakunlariga koʻra, elektr energiyasini generatsiya qilish tarkibida AESning ulushi 23,7% (127 mlrd. kVt*s) ni tashkil qildi.
Janubiy Koreya atom energetikasini rivojlantirishda yana bir muhim omil shundan iboratki, u zarur texnologiyalarning toʻliq zanjiriga ega - AES qurilishi uchun zarur boʻlgan barcha uskunalar va butlovchi qismlardan tortib, yoqilgʻi elementlarini ishlab chiqarishgacha.
Ayni paytda Janubiy Koreya xorijiy mamlakatlarga atom texnologiyalarini eksport qiladi. Bunga misol sifatida Birlashgan Arab Amirliklaridagi belgilangan quvvati 5600 MVt ga teng (Janubiy Koreyaning Doosan kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 4 ta APR 1400 reaktori) Baraka AES qurilishi boʻyicha yirik loyihani keltirish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Energetika vazirligi mamlakatning energetik xavfsizligini taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va generatsiya sohasining haddan ziyod koʻmirga bogʻliqligi kamaytirish uchun (2018-yilda tabiiy gaz va koʻmir hisobidan generatsiyaning 90% taʼminlangan) Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va xalqaro maslahatchilar koʻmagida 2030-yilgacha boʻlgan mamlakatni yoqilgʻi-energetik taʼminoti konsepsiyasini ishlab chiqdi.
Unda qayta tiklanuvchi energiyaga oid 10 000 MVt li yirik obyektlar (quyosh, shamol va gidroelektrstansiyalar), shuningdek, 2400 MVt.li AES qurilishi koʻzda tutilgan.
Belgilangan loyihalarni samarali amalga oshirilishi va mavjud GESlarni modernizatsiya qilish hisobidan 2030-yilga kelib, generatsiya tarkibida qayta tiklanuvchi energetika ulushi 31 foizni, atom energetikasida 15 foizni tashkil etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring