Oʻzbekiston — Koreya: mustahkam xalqaro hamkorlik taʼlim taraqqiyoti uchun qanotdir
Oʻzbekiston — Koreya munosabatlari oʻziga xos tarixiy ildizlarga ega. Oʻzaro uygʻun madaniyat, qadriyatlar hamohangligi, ayniqsa, yuksak gumanizm, mehnatsevarlik, qatʼiyat hamda masʼuliyat borasidagi mushtarak mezonlar har ikki xalqning doʻstlik va hamkorlik rishtalarining oʻrnatilishi, qolaversa, yanada mustahkamlanishiga asos boʻldi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona tashqi siyosat tufayli xalqaro hamkorlik ufqlari kengayib, koʻplab mamlakatlar bilan bogʻlangan azaliy rishtalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi, desak, mubolagʻa emas.
Oxirgi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport hamda logistika, sanoat, mashinasozlik va elektrotexnika kabi qator yoʻnalishlardagi hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Davlat rahbarlarining mamlakatlarga amalga oshirgan rasmiy tashriflari, hech shubhasiz, har ikki yurt uchun misli koʻrilmagan samarali qadamlarga keng yoʻl ochdi. Buni oʻtgan besh yil ichida mamlakatimizda Koreya sarmoyasi kiritilgan korxonalari soni ikki barobar oshgani, oʻzaro manfaatli savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilgani ham tasdiqlaydi.
Oʻz pozitsiyasi, rivojlanish tendensiyalari, qolaversa, global mavzulardagi qarashlari ham oʻzaro oʻxshash boʻlgan oʻzbek hamda koreys xalqi bugungi jamiyatning barcha muhim sohalarida — sogʻliqni saqlashdan tortib, maktabgacha taʼlim tizimigacha boʻlgan tarmoq va yoʻnalishlarda tajriba almashish, muvaffaqiyatli doʻstlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish anʼanasini toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlayotgani ahamiyatlidir.
Oliy taʼlim tizimi oʻzaro uygʻunlikda ravnaq topmoqda
Ayniqsa, yurtimizda soʻnggi yillarda Koreya milliy taʼlimining dunyo tan olgan jihatlarini eʼtirof etish bilan birga, soha taraqqiyotiga xizmat qiluvchi prinsiplaridan andoza olishga erishildi.
Eʼtiborlisi, mamlakatimizda Koreya Respublikasining qator oliy oʻquv yurtlari filiallari ochilib, ularda, asosan, mashinasozlik, elektrotexnika, kompyuter va axborot texnologiyalari, arxitektura, buxgalteriya singari oʻnlab yoʻnalishlarda zamonaviy bilim hamda malakaga ega kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash joizki, 2019-yilda Fargʻona viloyatida Oʻzbekiston — Koreya xalqaro universitetining tashkil etilishi har ikki mamlakat oʻrtasidagi oliy taʼlim tizimini uygʻunlikda ravnaq toptirishga qaratilgan iliq munosabatlarning amaliy ifodasi boʻldi.
Bu orqali xalqaro talablarga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga erishilayotganini eʼtirof etish lozim.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 — 18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ham Oʻzbekiston hamda Koreya oʻrtasidagi har tomonlama mustahkamlanib borayotgan munosabatlarning yangi davrini boshlab bergan tarixiy voqelik boʻldi.
Muhim kelishuvlar ijrosi mamlakat taraqqiyotini tezlashtiradi
Tarixiy tashrifning borish jarayonlarini kuzatar ekanmiz, davlatimizning tashqi siyosat takomili borasida ildam odimlayotgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Eʼtiborli jihati, tashrif davomida har ikki davlat rahbarlari strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni qabul qildi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bilan 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, shuningdek, energetika sohasida oʻzaro muloqot oʻrnatish, “aqlli shahar”larni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi orqali moliyalashtirish, nodir metallar, mis va ularning qotishmalariga oid memorandumlar imzolangani ham tashrifning mohiyati va ahamiyatini yaqqol ifoda etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In axborot texnologiyalari, “aqlli” qishloq xoʻjaligi sohalariga oid memorandumlar hamda tibbiy uskunalar yetkazib berish toʻgʻrisida muhim bitim va kelishuvlarga erishdilar.
Tashrifning yana bir ahamiyatli jihati davlatimiz rahbari Seuldagi milliy qabristonga tashrif buyurib, marhumlar xotirasiga ehtirom koʻrsatgani boʻldi. Koreya mustaqilligi uchun kurashgan hamda urushlarda halok boʻlgan insonlar, mamlakat rivojiga katta hissa qoʻshgan davlat va jamoat arboblari dafn etilgan milliy qabristonda amalga oshirilgan ehtirom ramziy maʼnoda hamkor mamlakatning tarixi, milliy qadriyatlariga hurmat ifodasini ham aks ettirdi.
Davlatimiz rahbari Seul shahrida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv davomida Koreya kompaniyalari rahbarlarini Oʻzbekistonga kelish hamda u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanishga taklif etgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu kelgusida sohada katta imkoniyatlar eshigi ochilishiga zamin yaratadi. Har tomonlama samarali hamda muvaffaqiyatli voqeliklarga boy oʻtgan tashrif yurtimiz taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Yangi marralarni zabt etish yoʻlidagi xayrli qadam
Bu hali hammasi emas. Prezidentimizning bugun xalqaro mamlakatlarning rivojlanish tendensiyalarini oʻrganish, qolaversa, xalqaro investitsiyalarni jalb etish koʻlamini kengaytirish maqsadida xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan yosh kadrlarni tarbiyalash borasida oldimizga qoʻygan vazifalari aynan yuqoridagi kabi xayrli maqsadlarga qaratilgan.
Har bir oliy taʼlim muassasasi bu borada oʻz pozitsiyasini namoyon eta olishi kerak, albatta.
Shunga muvofiq, bugungi kunda Fargʻona davlat universitetida respublikada birinchilardan boʻlib, Xalqaro tillarni oʻqitish markazi faoliyat boshladi. Ingliz, rus, fransuz, nemis, yapon va koreys tillari mukammal darajada oʻqitiladigan ushbu markaz universitet professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlar uchun yangi bilim ufqlarini zabt etishlariga katta zamin hozirlayapti.
Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizni xalqaro hamkorlik munosabatlarini yuksaltirishga xizmat qila oladigan, xorijiy tillarni puxta egallagan yoshlarni kamolga yetkazish maqsadimiz yoʻlidagi xayrli qadamlardan biridir.
“Yangi Oʻzbekiston” nomini, uning maqomi va darajasini bugun dunyo tan olmoqda, eʼtirof etmoqda. Buni kundan-kunga yuksalib borayotgan xalqaro munosabatlar koʻlami hamda samarasi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Umuman olganda, Koreya Respublikasi kabi dunyoning rivojlangan davlatlari bilan mustahkam aloqalarimiz barcha soha va tarmoqlar qatori milliy taʼlim, xususan, oliy taʼlim taraqqiyotiga ham xizmat qilishi barchamizni quvontiradi, albatta. Shu bilan birga, barchamizni ushbu muhim tarixiy jarayonlarda faol hamda tashabbuskor boʻlishga ruhlantiradi.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring