Oʻzbekiston klasterlari GOTS sertifikatini qoʻlga kiritdi
Mamlakatimizdagi uchta paxta-toʻqimachilik klasteriga Xalqaro organik toʻqimachilik mahsulotlari standarti — GOTS (Global Organic Textile Standard) sertifikati berildi. Bular Buxorodagi “BCT Cluster”, Toshkent viloyatidagi “TCT Cluster” va Surxondaryodagi “SCT Cluster” klasterlaridir.
GOTS sertifikati ushbu klasterlarda ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik mahsulotlari ekologik toza va tabiiy ekanligining xalqaro darajada tan olinganini anglatadi.
Darhaqiqat, GOTS sertifikati olmoqchi boʻlgan toʻqimachilik korxonalari oldiga qoʻyiladigan asosiy talab shuki, paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlashning barcha bosqichlarida ekologik va ijtimoiy masʼuliyat toʻliq bajarilishi shart. Yaʼni atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan kimyoviy vositalar ishlatilmasligi, majburiy va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻyilmasligi, tayyor mahsulot tarkibida 70-75 foizi organik tola boʻlishi lozim.
— Bularning bari bizning klasterlarda toʻliq bajarilmoqda, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Chunki keyingi paytda jahon bozorida organik paxtadan tayyorlangan toʻqimachilik mahsulotlariga boʻlgan talab ortmoqda. Dunyoning eng yirik xalqaro brendlari ham bosqichma-yubosqich ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish tizimiga oʻtyapti. Oʻzbekiston yangi bozorga kirish va uni oʻz mahsulotlari bilan toʻldirish maqsadida oʻtgan yildan eʼtiboran “Better Cotton” dasturiga ijrosiga rasman kirishdi. Yaʼni klasterlar tomonidan ham ekologiya, ham jamiyat, ham iqtisodiyot, ham kelajak uchun yaxshiroq boʻlgan “Yaxshi paxta” yetishtirish tizimiga oʻtilyapti.
Aslida, yurtimizda bu boradagi saʼy-harakatlar ancha oldin boshlangan. Aniqrogʻi, 2019-yilda dastlab “BST Cluster”, “Indorama Agro”, “Navbahor Textile” paxta-toʻqimachilik klasterlarida ushbu yoʻnalishdagi pilot loyihaga kirishildi. “Better Cotton Initiative” xalqaro tashkiloti koʻmagida ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Uning natijalari esa “Better Cotton” dasturini ommalashtirish, yangi texnologiyani respublikamizdagi boshqa klasterlarda ham kengroq qoʻllash imkonini berayotir.
Eʼtiborlisi, yurtimizda “Yaxshi paxta” tashabbusi bilan cheklanib qolinmasdan, organik paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyilgani muvaffaqiyatlarning bosh omili boʻlayotir. Xususan, GOTS sertifikati berilgan “BCT Cluster” klasteri tomonidan bu yil 230 gektar, “TCT Cluster” klasterida 804 gektar, “SCT Cluster” klasterida 1078 gektar yerda organik paxta yetishtirilmoqda. Olingan tolani qayta ishlash, hatto matoni boʻyashda ham tabiiy boʻyoqlardan foydalanilishi koʻzda tutilgani tahsinga loyiq.
“Control Union” xalqaro tashkiloti tomonidan GOTS sertifikatining berilishii, shubhasiz, bu Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligida ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yumshatish, paxta-toʻqimachilik tarmogʻida xalqaro standartlarni samarali joriy etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarning yana bir yuksak eʼtirofi boʻldi. Bu, oʻz navbatida, yurtimiz paxta-toʻqimachilik klasterlarining global savdo zanjiriga ulanishini tezlashtirishga keng yoʻl ochadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring