Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi
Aziz yurtdoshlar!
Yurtimiz moʻmin-musulmonlari va butun xalqimizni yer yuzidagi islom ummati tomonidan keng nishonlanayotgan ulugʻ va muborak ayyom – Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
El-yurtimiz uchun insonparvarlik, sabr-qanoat, xayru saxovat va shukronalik timsoli boʻlgan ushbu qutlugʻ bayram kunlarida barchangizga oʻzimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Hammamiz guvohi boʻlib turganimizdek, keyingi bir yildan ziyod vaqt davomida butun dunyo mamlakatlari qatori jonajon Oʻzbekistonimiz ham pandemiya bilan bogʻliq murakkab sinovlarni boshidan oʻtkazmoqda.
Bunday sharoitda Ramazon oyi va hayit bayramining mohiyatida mujassam boʻlgan mehr-muruvvat, ehtiyojmand toifalarga har tomonlama koʻmak va yordam koʻrsatish, hayot tashvishlari va muammolarini birgalikda, oʻzaro yelkadosh boʻlib hal etishdek olijanob qadriyatlar ayniqsa muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzining milliy urf-odat va anʼanalariga sodiq, mehnatkash, va saxovatli xalqimiz ana shunday yuksak fazilatlarni yaqqol namoyon etib, muqaddas Ramazon oyini tinchlik va osoyishtalik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitida oʻtkazgani hamda ushbu eʼzozli ayyomni katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgani unga alohida fayzu shukuh bagʻishlamoqda.
Bugungi kunda keng koʻlamli islohot va tub oʻzgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda soʻz yuritganda, xalqimizning boy va qadimiy diniy-maʼnaviy merosini tiklash va faol targʻib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish boʻyicha olib borilayotgan salmoqli ishlarni alohida taʼkidlash lozim.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida – kalom ilmining atoqli namoyandasi Abu Muin Nasafiy, Namangan viloyatida – tasavvuf taʼlimotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida Suzuk ota yodgorlik majmualari bunyod etildi. Koʻplab masjidlar, madrasa va diniy obidalar qayta qurilmoqda va taʼmirlanmoqda, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda.
Muborak Ramazon oyida yana bir ulkan xayrli ishni boshlaganimiz – buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning Samarqand viloyatidagi yodgorlik majmuasini ul zotning musulmon olamidagi beqiyos obroʻ-eʼtibori va nufuziga munosib holda barpo etishga kirishganimiz sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.
Milliy tariximizda birinchi marta koʻp jildli “Islom” ensiklopediyasi nashr etila boshlagani ham muqaddas dinimizning asl mazmun va mohiyatini xalqimiz oʻrtasida keng targʻib etish yoʻlidagi muhim qadamdir.
Koʻlami va miqyosi tobora kengayib borayotgan bunday amaliy ishlarimiz yangi Oʻzbekistonni barpo etish, mamlakatimizda Uchinchi renessans poydevorini yaratish, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsadlarimizga uygʻun va hamohang boʻlib, barcha yurtdoshlarimizni ana shu gʻoyalar atrofida yana-da birlashtirishga xizmat qilayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Muhtaram doʻstlar!
Bugungi shiddatli zamon barcha jabhalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham oldimizga yangi-yangi vazifalarni qoʻymoqda.
Ayniqsa, dunyo miqyosida raqobat tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgani, barqarorlikka nisbatan tahdidlar jiddiy tus olayotgani bizni doimo hushyor va ogoh boʻlib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashdek gʻoyat masʼuliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga daʼvat etmoqda.
Zero, islom dini – avvalo, tinchlik va doʻstlik, ahillik va birdamlik, bilim va maʼrifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi bagʻrikenglikni, fuqarolar orasidagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yana-da mustahkamlash barchamizning asosiy burchimizdir.
Maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”, degan soʻzlari bugun ham dolzarb ahamiyatga ega.
Binobarin, diniy qadriyatlarimizni, milliy oʻzligimizni ulugʻlab yashash bilan birga, davr talabi boʻlgan zamonaviy ilm-fan yutuqlari, axborot texnologiyalarini egallashga alohida eʼtibor qaratishimiz, yosh avlodimizni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.
Hurmatli ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, muhtaram nuroniylarimiz – keng jamoatchilik yaqin hamkorlikda bu borada yana-da faol va samarali ish olib boradilar, deb ishonaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Alloh taoloning marhamati yogʻiladigan ushbu barokatli va nurafshon kunda sizlarni yana bir bor azizu mukarram Iyd ul-Fitr bilan chin dildan tabriklayman.
Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlari musulmonlarini ham samimiy qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor boʻlishiga tilakdoshman.
Mehnatkash va oqkoʻngil xalqimizning moʻtabar mohi Ramazonda qilgan barcha ezgu niyat va duolari ijobat boʻlsin!
Jonajon Vatanimizni, aziz xalqimizni Yaratganning Oʻzi panohida asrasin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring