Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi
Atoqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Mirhoji Asqarov 89 yoshida vafot etdi.
M.Asqarov 1931-yil 30-aprelda Toshkent shahrida tugʻildi. 1953-yili Moskva kimyo-texnologiya institutini tamomlab, ushbu institutning aspiranturasida tahsil oldi.
Mehnat faoliyati davomida ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirib, 1957-yilda nomzodlik, 1967-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Isteʼdodli olim qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) katta oʻqituvchisi, Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Kimyo instituti direktori, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda samarali mehnat qildi.
Akademik M.Asqarov oʻzining butun hayotini mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirishga bagʻishlagan fidoyi inson edi.
Zahmatkash olimning koʻplab ilmiy ishlanma va tadqiqotlari bugungi kunda ham respublikamiz kimyo sanoati sohasida keng qoʻllanib, iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yuqori molekulyar birikmalar kimyosi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan 600 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng eʼtirof etilgan.
Jonkuyar ustoz koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berib, oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlarini tayyorladi.
Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Mirhoji Asqarovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring