Oʻzbekiston hududida yetishtirilmaydigan, aholi talabi yuqori boʻlgan barcha mahsulotlarning importiga ruxsat bor — “Oʻzdavkarantin” vakili
“Oʻzdavkarantin“ inspeksiyasi Axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda sohada uchrayotgan dolzarb savollarga javob qaytardi.
U, jumladan, bugungi kunda Oʻzbekiston hududida yetishtirilmaydigan, aholi talabi yuqori boʻlgan barcha mahsulotlarning importiga ruxsat borligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
"Masalan, bunday mahsulotlar sirasiga sitrus mevalarni kiritish mumkin, — dedi u jumladan. — Aholining limon mahsulotlariga boʻlgan yillik talabi 125 ming tonna va yillik yetishtirilayotgan limon mahsuloti 30 ming tonna ekanini inobatga olib, yilning may, iyun va avgust oylari uchun respublikaga xorijdan limon mahsulotlari importiga ruxsat berish mumkin.
Bu kabi mahsulotlar uchun eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini boʻyicha vakolatli organi tomonidan fitosanitar sertifikat taqdim etilishi lozim. Mazkur sertifikat asosida elektron ariza topshiriladi. Avvallari bunday murojaatlar 30 kun davomida koʻrib chiqilgan boʻlsa, hozirda 3 kun ichida "Oʻzdavkarantin" inspeksiyasi tomonidan Respublikaga import boʻlishi uchun karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirib beriladi".
Oʻz navbatida “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi tomonidan mamlakat eksport hajmini oshirish maqsadida qator davlatlar bilan muzokaralar olib borilayotgani maʼlum qilindi.
Xususan, Hindistonga 37 xil meva-sabzavotlarni eksport qilishga ruxsat olinib, yana 15 xil mahsulot uchun muzokaralar olib borilyapti.
Janubiy Koreyaga 36 xil meva sabzavot eksporti uchun ruxsat olinib, yana 14 xili uchun muzokaralar davom etmoqa.
Yaponiyaga 64 xil meva-sabzavot eksportiga ruxsat olinib, yana 11 xil mahsulot uchun muzokaralar olib borilyapti.
Xitoyga 14 xil meva-sabzavot mahsulotlari eksporti uchun ruxsat olinib, yana 16 xil mahsulotlar uchun muzokaralar davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring