Oʻzbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

08:57 23 Fevral 2023 Siyosat
601 0

Joriy yilning 22-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Finlyandiya hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Ville Skinnari raisligida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 5-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda sarmoyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi va kelishib olindi.

Delegatsiyalar rahbarlari oʻz chiqishlarida ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikni  kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi, ilgʻor Finlyandiya tajribasi va texnologik  ishlanmalarni jalb etish muhimligi, shuningdek, ikki davlat oʻzaro hamkorlik sohalarida  hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirishni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladilar.

Tomonlar boshqa imkoniyatlar bilan qatorda «Finnvera» «Public Sector Investment Facility» Eksport-kredit agentligi (30 million dollargacha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratadi, shundan 30 foizi grantlar sifatida) va Finlyandiyaning «Finfund» sanoat kooperatsiyasi jamgʻarmasining (xususiy kompaniyalarga loyihaviy va investitsiyaviy moliyalashtirishni taqdim etadi) moliyalashtirish vositalari orqali institutsional hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

HK yigʻilishi doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.  Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Finlyandiya tadbirkorlari oʻrtasida ikki mamlakatning  raqobatdosh ustunliklaridan kelib chiqqan holda sarmoyaviy hamkorlik va sanoat  kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi qoʻshma harakatlarga alohida eʼtibor  qaratildi. Shu nuqtai nazardan, togʻ-kon sanoati, muqobil energetika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, taʼlim va raqamli transformatsiya eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida tilga olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yoʻnalishlar doirasida hamkorlikni  chuqurlashtirishga oʻzaro sodiqligini bildirib, Finlyandiyaning innovatsion nou-xau va ilmiy ishlanmalarining Oʻzbekiston infratuzilmasi va inson salohiyati bilan uygʻunligi ikki mamlakat  oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshishini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер