Oʻzbekiston energetika tizimida ilk bor GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari joriy etildi

16:41 06 Iyul 2023 Iqtisodiyot
672 0

Oʻzbekiston energetika tizimida birinchi boʻlib “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi. Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyuldan boshlab “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.

Joriy hisob-kitoblarga koʻra, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud boʻlib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVtga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, Jamiyat tomonidan yiliga 7 mln. dona “yashil energiya” sertifikatlari birjaga savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.

2030-yilga kelib iqtisodiyotimizda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Energetika sohasining ajralmas “yashil boʻgʻini” hisoblangan gidroenergetika sohasida mazkur yoʻnalishda qator amaliy ishlar izchil tatbiq etilmoqda.

“Yashil energiya” sertifikati (qayta tiklanadigan energiya sertifikatlari deb ham ataladi) quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan maʼlum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishdi hamda ushbu tizimni tartibga soluvchi masʼul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilot akkreditatsiyasidan oʻtgan.

Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga moʻljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilingan boʻlib, spot.uzex.uz sayti orqali “yashil energiya” sertifikatlarini sotuvga qoʻyib boradi. Isteʼmolchi tomonidan “yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish boʻyicha oʻrnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, yaʼni emitentga gidroelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga mos boʻlgan hajmda sertifikat chiqarish boʻyicha talabnoma yuboradi.

Ushbu talabnoma asosida Emitent Jamiyat nomiga “yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlarni chiqarib beradi. Oxirgi bosqichda Jamiyat tomonidan sertifikatlar Isteʼmolchi nomiga hisobdan chiqariladi.

Taʼkidlash joizki, I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik masʼuliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda Oʻzbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер