Oʻzbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi shu kunlarda rasmiy tashrif bilan Fransiyada boʻldi. Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston-Fransiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, parlamentlararo hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.Xususan, “Rothschild&Co” Kuzatuv kengashi aʼzosi A. Rotshild bilan suhbat chogʻida tomonlar xalqaro investitsiyalar sohasidagi joriy tendensiyalarni, ularni amalga oshirish istiqbollarini, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining asosiy aktivlarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda kompaniyaning tajribasini samarali qoʻllashni muhokama qildi.
Oʻz navbatida, Baronessa Ariyel Malar de Rotshild “Rothschild&Co” moliyaviy guruhi Oʻzbekistonda boshlangan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga, iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, kambagʻallikni tizimli qisqartirish masalalarini hal etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida “Rothschild&Co” kompaniyasi ishtirokida davlat obyektlari va korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida doimiy oʻzaro aloqalarni davom ettirishga kelib olindi.
Delegatsiya tashrifi doirasida “Total Eren” ijro etuvchi vitse-prezidenti Faben Demol bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Chindan ham bugun butun jahonda yashil energetikadan keng foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, “Total Eren” kompaniyasi Samarqand viloyati Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirgani va bu mintaqadagi flagman loyihaga aylangani taʼkidlandi. Shuningdek, kompaniyaning yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali Oʻzbekistondagi ishtirokini kengaytirishga intilayotgani bildirildi.
Jumladan, Faben Demol xonim “Total Eren“ kompaniyaning hozirda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan faxrlanishi, Oʻzbekiston bilan bunday muvaffaqiyatli muloqot tajribasi uzoq yillar barqaror oʻzaro hamkorlik asosi boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiya milliy merosi instituti direktori Sh.Personnaz bilan ham muloqot oʻtkazib, unda ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Sh.Personnaz Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan qadimiy meʼmorchilik va madaniyatning noyob yodgorliklarini restavratsiya qilish va asrab-avaylash, mamlakatning boy moddiy-madaniy merosini tiklash, muzey ishlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistondagi madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohasida Fransiyaning ilgʻor tajribasini tatbiq etish muhimligi taʼkidlanib, xususan, Fransiya Milliy meros institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish, ikki mamlakat yetakchi ekspertlari ishtirokida madaniy merosni rivojlantirish yuzasidan qoʻshma amaliy seminarlar oʻtkazishga urgʻu berildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼat hamda moddiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, oʻzbek arxeologlari va restavratorlarini maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish va ularning Fransiya Milliy meros institutida ilmiy-texnik bilim olishlari borasida kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring