Oʻzbekiston delegatsiyasi Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyoning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari uchrashuvida ishtirok etdi

13:25 02 Iyun 2023 Siyosat
481 0

Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi kecha Ashxobodda Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillarining toʻrtinchi uchrashuvida ishtirok etdi.

TIV maʼlumotiga koʻra, tadbirda Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Teri Hakala, Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Niklasson, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Afgʻonistondagi missiyasi rahbari Roza Otunbayeva, Jahon banki vakillari (onlayn tarzda) va Markaziy Osiyo davlatlarining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv ishtirokchilari afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni davom ettirish, Afgʻonistonning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, mamlakatning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga cheklovlarni yechish zarurligini taʼkidladilar.

Afgʻoniston muvaqqat hukumatiga xalqaro hamjamiyatning inklyuziv va vakillik hukumatini yaratish, fuqarolar, ayniqsa ayollar huquq va erkinliklarini hurmat qilish, Afgʻoniston hududidan terroristik maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻymaslik borasidagi talablarini bajarish yuzasidan murojaat qilindi.

Mintaqadagi suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshni davlatlar manfaatlarini oʻzaro hisobga olish, mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanish muhimligi qayd etildi.

Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan umumiy takliflar ishlab chiqish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi.

Delegatsiyalar Oʻzbekiston Prezidentining BMT shafeligida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ijobiy baholab, bu BMTning Afgʻoniston boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishda ushbu formatdagi umumiy takliflarning bir qismi boʻlishi mumkinligini qayd etdi.

Tadbir yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер