Oʻzbekiston choʻllari muhofaza ostida

15:56 21 Yanvar 2022 Jamiyat
1863 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston choʻllari biologik xilma-xillikning muhim markazlari hisoblanadi. Ularda koʻplab kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar va qushlar turlarining noyob yashash joylari, koʻpayish joylari, migratsiya yoʻlaklari va uchish yoʻllari mavjud. CADI (Central Asian Desert Initiative) loyihasi yoki Markaziy Osiyo Choʻllari boʻyicha Tashabbus tabiiy resurslardan haddan tashqari foydalanish va keng koʻlamli infratuzilma qurilishi tufayli bugungi kunda xavf ostida qolgan moʻtadil mintaqadagi choʻllarni saqlash va ulardan barqaror foydalanishga yoʻnaltirilgan.

Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan CADI loyihasi 2016-yildan buyon Grayfsvald universiteti, Mixael Zukkov jamgʻarmasi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistondan tashqari Markaziy Osiyo choʻllari boʻyicha tashabbusning maqsadli mamlakatlari Qozogʻiston va Turkmaniston boʻlib, bu mamlakatlar ham oʻzining noyob landshaftlari hamda boy hayvonot olamiga ega poyonsiz choʻllari bilan mashhur.

2021-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi binosida CADI mintaqaviy kotibiyati ofisining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bundan buyon bu yerda choʻllarni asrab-avaylash, saksovul plantatsiyalarini kengaytirish va transchegaraviy qoʻriqlanadigan hududlar yaratish, eng muhimi, moʻtadil choʻllarning ogʻir sharoitida dehqonchilikni rivojlantirish bilan shugʻullanayotgan aholini qoʻllab-quvvatlash borasidagi muhim vazifalar hal etiladi.

“Yangi tashkil etilgan CADI mintaqaviy kotibiyati oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlash, shuningdek, Markaziy Osiyodagi moʻtadil choʻl ekotizimlaridan barqaror foydalanish boʻyicha CADI loyihasining ishini davom ettirishi va kengaytirishi kutilmoqda. Kotibiyat 2012-yilda Rio-de-Janeyroda qabul qilingan BMT konvensiyalari – Choʻllanishga qarshi kurashish Konvensiyasi, Biologik xilma xillikni asrash Konvensiyasi va Iqlim oʻzgarishi Konvensiyasiga aʼzo davlatlar tomonidan amalga oshirilishidagi mavjud boʻshliqlarni toʻldiradi, degan umiddamiz. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga CADI mintaqaviy kotibiyatini qoʻllab-quvvatlagani uchun oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz”, — deb taʼkidlab oʻtdi CADI loyihasining Oʻzbekistondagi milliy koordinatori Narimon Nishonov.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonda CADI loyihasining milliy kotibiyatlari mavjud boʻlib, ular bioxilma-xillikni saqlash va ushbu mamlakatlarning moʻtadil choʻllarida ekotizimlardan barqaror foydalanish boʻyicha muhim vazifalarni bajarmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер