Oʻzbekiston Buyuk Britaniyaga 20 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berdi
Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida Samarqand viloyatidagi “GardenCells“ korxonasi bilan Britaniyaning ”Vita Plus Ltd" kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnoma doirasida Buyuk Britaniyaning poytaxtidagi “Western International Market” ulgurji bozoriga oʻzbek quritilgan mevalarining birinchi joʻnatmasi yetkazib berildi. Bu haqda «Dunyo” AA xabar berdi.
Quritilgan mevalar, qora mayiz, noʻxat, bodom va jiyda mevalaridan iborat umumiy hajmi 20 tonna boʻlgan joʻnatma Toshkentdan 19-avgust kuni yoʻlga chiqqan edi. Ayni paytda ushbu mahsulotlarni qabul qilib olgan Britaniya kompaniyasi quritilgan qovun, oʻrik, gilos va nok yetkazib berish orqali Oʻzbekistondan mahsulotlar eksporti hajmini yanada kengaytirishni rejalashtirgan.
“Vita Plus Ltd” kompaniyasi bosh menejeri Sharif Rustamxailning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston mahsulotlari oʻzining yuqori sifati bilan ajralib turadi va uning kompaniyasi oʻzbekistonlik sheriklar bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyor.
“Umid qilamizki, qora uzum, noʻxat, bodom va jiyda kabi olib kelingan mahsulotlar xaridorlarimiz tomonidan sevib va xarid qilinadi. Kompaniyamiz Britaniya bozoriga 70-80 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib beradi, ularni 1 ming 200 dan ortiq korporativ mijoz, shu jumladan restoran, mehmonxona, kafe, chakana savdo doʻkonlari va boshqa mijozlar tarmogʻi orqali sotadi. Biz oʻz mahsulotlarimiz turlarini Oʻzbekistondan olib kelinadigan mahsulotlar hisobidan kengaytiramiz. Ayni paytda ushbu masalada sheriklarimiz bilan muzokaralar olib bormoqdamiz”, dedi u.
Oʻz navbatida, “Vita Plus Ltd” asoschisi Navoz Rustamxail Oʻzbekiston mahsulotlarining oʻziga xos taʼmini taʼkidlab, nafaqat quritilgan mahsulotlar, balki hoʻl meva va sabzavotlarni ham xarid qilishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Yevropa mamlakatlari, shu jumladan Buyuk Britaniya bozorlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish hajmini faol ravishda oshirib bormoqda. Bunda Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalarining mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarish va Oʻzbekiston kompaniyalari bilan xorijiy korxonalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri kooperatsiya aloqalarini oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlari muhim oʻrin tutmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring