Oʻzbekiston Braziliya bilan shaharsozlik sohasida yaqindan hamkorlik oʻrnatmoqda
Mamlakatimizning Vashingtondagi vakolatxonamizga koʻra, Oʻzbekistonning Braziliyadagi elchisi Javlon Vaxabov Brazilia shahriga tashrifi davomida mazkur shahar Xalqaro aloqalar ofisi direktori oʻrinbosari Emiliano Diogenes Abreu bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, shaharsozlik borasida erishilayotgan yutuqlar va oldimizdagi ustuvor vazifalar, muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari sohalarida kadrlar tayyorlash masalalari, Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, xalqaro hamkorlik haqida batafsil maʼlumot berildi.
Elchixonamiz maʼlumotlariga koʻra, E.Abreu oʻz navbatida Brazilia shahrining tashkil etilishi, rivojlanishi va uning dunyoning boshqa shaharlari bilan aloqalari haqida toʻxtalib oʻtdi. Aytilishicha, Brazilia shahri 1960-yilda oʻsha davrdagi mamlakat prezidenti Juselino Kubichek tomonidan poytaxtni gavjum Rio-de-Janeyro shahridan koʻchirish uchun tashkil etilgan. Braziliya Federativ Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan, Brazilia Federal okrug hisoblanib, shtat va munitsipalitet maqomiga ega boʻlmagan alohida siyosiy-maʼmuriy tuzilma hisoblanadi. Hozirda poytaxt mamlakatdagi uchinchi yirik (4,2 million aholi) va Janubiy Amerikadagi kishi boshiga eng katta YAIM ($22 ming) toʻgʻri keladigan shahar hisoblanadi, dedi E.Abreu.
Maʼlum boʻlishicha, poytaxt dizayni uni raqamlangan bloklarga, shuningdek, mehmonxona sektori, bank sektori va elchixonalar sektori kabi belgilangan faoliyat uchun sektorlarga ajratadi. Brazilia 1987-yilda zamonaviy arxitekturasi va oʻziga xos badiiy shaharsozlik rejasi sababli YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va 2017-yildan buyon “Dizayn shahri” nomini olib “ijodiy shaharlar tarmogʻi”ning (Creative Cities Network) bir qismi hisoblanadi.
Uchrashuv davomida, E.Abreu Oʻzbekiston poytaxti vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, atrof-muhit, sogʻliqni saqlash, shahar boshqaruvi, energetika, transport va shaharsozlik kabi sohalar alohida qiziqish kasb etishini taʼkidlab oʻtdi. Bundan tashqari, jamoat xavfsizligi, suv resurslari, qattiq chiqindilar, qayta tiklanadigan energiya, madaniy meros va sport kabi yoʻnalishlarda ham istiqbolli munosabatlar oʻrnatilishiga istak borligi maʼlum etildi.
Oʻzbekiston shaharlari bilan birodarlik aloqalarini oʻrnatish va ilgʻor tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish har tomonlama foyda olib kelishini taʼkidlandi. E.Abreu soʻzlariga koʻra, hozirgi kunda Brazilia shahri 11 ta boshqa davlat shaharlari bilan amaldagi hamkorlikka ega.
Konstruktiv ruhda oʻtgan muloqot yakunida tomonlar rahbar va ekspertlar darajasida yaqin hamkorlik va muzokaralarni davom ettirishga kelishib olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring