Oʻzbekiston bojxona xodimlarining xalqaro maydondagi nufuzi oshmoqda
Foto: Халқ сўзи
Ayni paytda Jahon bojxona tashkilotining Bryusseldagi Bosh shtab kvartirasida mazkur nufuzli tashkilotning mintaqaviy tuzilmalari rahbarlarining 18-Global uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.
Xalqaro tadbirda mamlakatimizdan tashrif buyurgan vakil – Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasining Valyuta nazorati boshqarmasi xodimi U.Tadjiyev ilk bor yigʻilish raisining oʻrinbosari sifatida ishtirok etmoqda.
Shuningdek, tadbirda Bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi boshligʻi Bobur Karamanov ham faol qatnashmoqda.
Tadbirda turli davlatlardan bevosita va onlayn ravishda 250 dan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.
Mazkur voqelikka Bojxona qoʻmitasi Raisi Akmalxoʻja Mavlonovning 2022-yil oktyabr oyida Belgiyaga tashrifi davomida tashkilot Bosh kotibi Kunio Mikuria bilan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida qarash mumkin.
Eslatib oʻtamiz, sal avval - 9-fevral kuni Bojxona qoʻmitasining yana bir vakili Elyor Xakimov Jenevada Yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi Bojxona konvensiyasi Maʼmuriy qoʻmitasi raisi etib tayinlangan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring