Oʻzbekiston BMTning oʻrmonlar boʻyicha forumida qatnashmoqda
AQSHning Nyu-York shahrida BMT oʻrmonlar boʻyicha forumining 18-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (ECOSOS) tomonidan tashkil etilgan forumda Oʻzbekiston salohiyati Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan yuqori darajada namoyish etilmoqda.
Qayd etish joizki, tadbirda BMTning 2017–2030-yillarga moʻljallangan oʻrmonlar boʻyicha strategik rejasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Oʻrmonlar boʻyicha xalqaro bitim kuchga kirganidan keyin 2024-yilda oʻrta muddatli baholashga tayyorgarlik koʻrildi.
Forum doirasida Oʻzbekiston tomoni raisligida Jahon banki, FAO (Food and Agriculture Organization – Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti), BMT YEIK, Kanada oʻrmon xizmati va Chexiya oʻrmon xoʻjaligi instituti bilan hamkorlikda qoʻshma tadbir tashkil etildi. Tadbirda BMTga aʼzo davlatlarning 100 dan ortiq vakillari, oʻrmonlarni boshqarish sohasidagi maʼmuriy va ilmiy doiralar, shuningdek, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda nutq soʻzlagan Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, keng koʻlamli obodonlashtirish aksiyasi, Orol dengizining qurigan tubida oʻrmon barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, “Yashil makon” aksiyasi natijalariga toʻxtalib oʻtdi. Qolaversa, Oʻzbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat hududiga nisbatan 2016-yildagi 4 foizdan bugungi kunda 14 foizga kengaytirilganini alohida taʼkidladi.
Bundan tashqari, Jahon bankining tabiiy resurslar mintaqaviy departamenti direktori P.Agostini Oʻzbekistonda oʻrmonlarni tiklash boʻyicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyihani taqdim etdi.
Yakunda tadbir ishtirokchilari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbiri – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.
Tadbir 12-mayga qadar davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring