Oʻzbekiston aeroportlarni Rossiya kompaniyasiga “ishonchli boshqaruv“ga bermasligi mumkin
“Kommersantʼ” nashrining xabar qilishicha, Rossiyaning “Novaport” kompaniyasi va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasida mamlakatdagi bir nechta aeroportlarni qayta qurish borasida oʻtayotgan muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Chunki Oʻzbekiston hukumati aeroportlarni 30 yilga konsessiya (sarmoya kiritish evaziga foydalanish) asosida berishga tayyor emas. Mamlakat hukumati allaqachon boshqa sarmoyador qidirishni boshlab yuborgan, dekabr oyi boshida Yaponiyaning Sumitomo Corporation kompaniyasi bilan uchrashuv oʻtkazishga ham ulgurgan. Ammo “Novaport” haligacha muzokaralardan chiqmagan va bu masalada oʻz qiziqishini saqlab qolgan. Mutaxassislarning fikricha yapon kompaniyasi ham bundan qisqa muddatga konsessiya olishga rozi boʻlmaydi.
“Novaport” Oʻzbekistondagi Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini konsessiyaga olish shartlariga hozircha rozi boʻla olmaydi. Muzokara jarayonlaridan xabardor “Kommersantʼ” manbalariga koʻra, “Novaport” va Oʻzbekistonning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasidagi soʻnggi uchrashuv ikki oy avval boʻlgan va konsessiya muddati masalasiga kelganda toʻxtab qolgan. “Novaport” aeroportlarni 30 yildan koʻproq muddatga konsessiyaga olishni istagan, Oʻzbekiston tomoni esa bunga mutlaqo rozi boʻlmaydi.
“Novaport”ni nazorat qiluvchi AEON xolding kompaniyasining egasi Roman Trotsenko “Kommersantʼ”ga hali Oʻzbekiston hukumati bilan muzokaralardan chiqmaganligi haqida aytadi: “Aeroportlarga qiziqish saqlanib qolyapti. Shu bilan birga mamlakat hukumati bu borada oʻzi mumkin deb hisoblagan ishlarni qilishga haqqi bor”.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Oʻzbekistondagi aeroportlarni SSSR qulaganidan keyin to 2018-yilgacha toʻliq nazorat qilgan. Faqat oʻsha vaqtga kelibgina mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways parvozlarni uyushtirishi, Uzbekistan Airports esa aeroportlarni nazorat qilishi haqidagi qarorga imzo chekdi. Uzbekistan Airports kompaniyasi 2019-yil oktyabrda tuzildi. Ochiq manbalarga koʻra Samarqand xalqaro aeroportining yillik yoʻlovchi tashish sigʻimi 500 000 kishini tashkil etadi. Namangan va Urganch aeroportlari haqidagi maʼlumotlar ochiq manbalarda yoʻq.
“Novaport” Oʻzbekiston hukumati bilan 2019-yil may oyidayoq dastlabki hamkorlik shartnomasini imzolagan. Oʻshanda “Kommersantʼ” suhbatdoshlari xoldingning bu loyihada qatnashishi MDHdagi eng yirik aeroportlardan biri – Toshkent aeroportini boshqaruvga olish uchun birinchi qadam boʻlishi mumkinligini taxmin qilgandi.
Konsessiyaga beriladigan birinchi obyekt 2022-yili Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitini qabul qiladigan Samarqand shahri aeroporti boʻlishi kerak edi. Uni qayta qurishga ancha qisqa muddat ajratilgan. Namangan va Urganch aeroportlarini zamonaviylashtirishga esa 5 yil muddat berilgan.
“VTB Kapital” banki mutaxassisi Yelena Saxnova Samarqand aeroportiga 300-500 million AQSH dollari atrofida sarmoya kiritilishi ehtimoli borligini aytgan. “Kommersantʼ” suhbatdoshlari bu loyiha xoldingning eng yirik rejalari qatoriga kirganini aytgan, ammo sarmoyaning aniq miqdorini hech kim ochiqlamagan. “Novaport” 2022-yilgacha Novosibirskdagi Tolmachevo aeroportiga 8,4 milliard, Volgograd shahri aeroportiga 4,4 milliard, Kaliningraddagi aeroportga 4,1 milliard rubl sarmoya kiritishni moʻljallagan.
Oʻzbekiston masalasida esa “Novaport”ga kuchli raqobatchilar paydo boʻldi. Dekabr oyi boshida mamlakat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tokioda Sumitomo Corporation bilan muzokara oʻtkazdi. “Kommersantʼ” manbalariga koʻra yapon kompaniyasi texnologik imkoniyatlari va xalqaro moliyaviy manbalarga tezroq chiqa olishi bilan ustun. Ammo bu kompaniya “sifatli, biroq uzoq vaqt quradi”. Shuning uchun yaponlar qisqa vaqt ichida katta sarmoya kiritish va kamroq muddatga konsessiya olishga rozi boʻlmasa kerak.
Yelena Saxnovaning aytishicha, odatda aeroportlarga 10-15 yil davomida sarmoya kiritiladi. Agar yirik loyiha boʻlsa, bu muddat 15-20 yil va undan koʻpga ham choʻzilishi mumkin. “Shu nuqtayi nazardan qaraganda “Novaport” talab qilayotgan muddat asosli. Boshqa tomondan esa yaponlar texnologik jihatdan ancha ustun boʻlishi mumkin”, deydi u.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring