Oʻzbekiston aeroportlari asosiy yigʻim va tariflarni 27 foizga pasaytirmoqda
2021-yil 15-aprel sanasidan “Uzbekistan Airports«AJ havo kemalariga xizmat koʻrsatish uchun yigʻim va tariflarni pasaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Asosiy yigʻim va tariflar oʻrtacha 27 %ga pasaytirilib, Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlariga muntazam yoʻlovchi reyslarini bajaradigan xorijiy aviakompaniyalar uchun qoʻllaniladi.
Pasaytirilgan yigʻim va tariflar xalqaro aviatsiya maʼlumotnomalarida eʼlon qilindi, bu bilan IKAOga aʼzo boʻlgan 190 dan ortiq mamlakat va AIPdan foydalanuvchi barcha aviakompaniyalar Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarida qoʻllaniladigan tariflar haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi uchun imkoniyat yaratildi.
“Qabul qilingan qaror Oʻzbekiston aeroportlarining raqobatbardoshligini taʼminlash, turizmni rivojlantirish va ishlar samaradorligini ragʻbatlantirish, aholi uchun havo transportidagi tashishlarni yana-da arzon qilish uchun zamin yaratadi”, - deydi “Uzbekistan Airports«AJ boshqaruvi raisi Rano Djurayeva.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring