O‘zbekiston 40 million dollarlik gilos eksport qildi

O‘zbekiton joriy yilning 28 aprelidan 24 mayiga qadar umumiy qiymati 40 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 9 ming tonnadan ziyod gilos eksport qildi. Mazkur ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan hajmi bo‘yicha uch barobar va narx bo‘yicha to‘rt barobar ko‘pdir.
“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tomonidan ma’lum qilinishicha, bu turdagi eng ko‘p sarxil mevalar o‘zlashtirilgan yangi bozorlar – BAA, Janubiy Koreya, shuningdek, an’anaviy bozorlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va boshqa mamlakatlarga jo‘natilgan. O‘zbek gilosini Xitoyda ham kutishayapti. Ushbu davlatga 6 ming tonna shunday ne’mat yuboriladi.
Ilgari kompaniya O‘zbekistonda mahalliy fermerlar yetishtiradigan gilosning barcha hosilini sotib olishga tayyor ekanligi, bunda, eng avvalo, ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga e’tibor qaratishi, eksportning umumiy hajmi esa xorijlik hamkorlardan kelib tushadigan buyurtmalar asosida shakllantirilishini bildirgan edi.
Ko‘rsatkichlarning ortishi O‘zbekistonning yangi eksport siyosati bilan izohlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizdan chet elga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymatini tartibga soluvchi “O‘zagroeksport” kompaniyasi tomonidan gilosning eng kam eksport narxi 1 kilogramm uchun 4 AQSh dollari etib belgilangan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring