Oʻzbekiston 2022-yilgi xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarga koʻtarildi

00:38 02 Yanvar 2023 Siyosat
1417 0

Foto: Illustrativ foto

2022-yilgi xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning raqamlashtirish boʻyicha oʻrni sezilarli darajada koʻtarildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼlumotiga koʻra, xususan, Jahon bankining “GovTech Enablers” indeksiga muvofiq, raqamli koʻnikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar boʻyicha mamlakatimiz 2020-yilga nisbatan 65 pogʻona yuqoriladi.

“GovTech Maturity Index” natijalariga koʻra, hukumat va davlat xizmatlari sektori boʻyicha esa 37 pogʻona yuqorilab, 198 mamlakat ichida raqamli transformatsiya sohasida yetakchi mamlakatlarning “A” guruhiga kirdi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har 2 yilda bir marta oʻtkaziladigan “Elektron hukumat” reytingining joriy yilgi natijasida Oʻzbekiston bir yoʻla 18 pogʻona yuqorilab, “yuqori/juda yuqori rivojlanuvchi” mamlakatlar qatoriga kirdi.

“Oxford Insights” tomonidan oʻtkazilgan “Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksi” (“Government Artificial Intelligence Rea dines Index”) tahlilida 2022-yil mamlakatimiz 160 ta davlat ichida 14 pogʻona yuqoriladi.

“Open data Inception”ning 2022-yilgi tahliliga koʻra, dunyoning 201 ta mamlakatlari orasida ochiq maʼlumotlar manbalari va ular soni boʻyicha Oʻzbekiston 124 ta ochiq maʼlumotlar manbalari bilan 4-oʻrinni egallagan. 2021-yilda mazkur koʻrsatkichda respublikamiz 99 ta manba bilan 5-oʻrinni egallagan.

Buyuk Britaniyaning xalqaro nufuzli Cable.so tashkiloti tomonidan 233 ta davlat orasida Oʻzbekiston mobil internet narxi eng past boʻlgan davlatlar qatoriga kiritildi. Mazkur reytingda mamlakatimiz 21 oʻrindan (2021-yil 1-yarim yillikda) 15 oʻringa (2022-yil 1 yarim yillikda) koʻtarildi.

Shuningdek, “Inclusive Internet” indeksida respublikamiz oʻtgan yilga nisbatan 5 pogʻona koʻtarilib, 2022-yilda 61-oʻrinni egalladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер