“Oʻzbekenergo” rahbar xodimlari paxta terimi hasharga chiqdilar

“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati xodimlari dam olish kunlari paxta terimchilariga yordamga chiqdilar. Bundan koʻzlangan maqsad dehqon va fermerlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga yetishtirilgan paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yigʻib-terib olishga munosib hissa qoʻshishdir.
Aytish joizki, yurtimizda bu yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Ayniqsa, terim pullari oshirilib, oʻz vaqtida berilayotgani yurtdoshlarimizni ixtiyoriy ravishda terimga chiqib, el-yurt xirmoniga oʻz ulushini qoʻshish orqali iqtisodiy daromad olishga undamoqda.
Shanba, yakshanba kunlari turli vazirlik, idora va muassasalar xodimlari ham ishdan boʻsh vaqtda paxta terimiga chiqib, terimda ishtirok etishmoqda. Jumladan, “Oʻzbekenergo”AJ markaziy apparati rahbar xodimlari ham Toshkent viloyati hududidagi dalalarga paxta terish uchun chiqishmoqda.
Jamiyat Matbuot xizmati xabar qilishicha, oʻtgan dam olish kunlari jamiyatning 300 nafarga yaqin koʻngilli xodimlari Qoʻyi Chirchiq tumanidagi “Nur Sulton Nur” fermer xoʻjaligida boʻlib, paxta terimida faol ishtirok etdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring