Oʻzbek meva sharbatlari Janubiy Koreyaning ommabop telekanallari orqali sotiladi
Urganch tumani hokimining birinchi oʻrinbosari A.Roʻzmetov, «Oʻzsanoatqurilishbank» ATB Xorazm filiali masʼul rahbarlari va Tashqi ishlar vazirligining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari A.Kanayev Janubiy Koreyaning “Maybee Global Ltd.” kompaniyasi katta ijrochi direktorlari Pak Debok va Jang Xedji bilan onlayn-muzokara oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Uchrashuvda “Xorazm qovunlari” qoʻshma korxonasining sharbat ishlab chiqarish boʻyicha loyihasida ishtirok etish va korxona mahsulotlarini xorijga eksport qilishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Janubiy Koreya vakillari qoʻshma korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xususan, anor sharbati joriy yil 10-iyunidan boshlab mamlakatning ommabop “GS Home Shopping” va “Hyundai Home Shopping” telekanallari orqali sotila boshlanishini maʼlum qildi.
Tomonlar ushbu loyiha doirasida ishlab chiqarish hajmini yana-da kengaytirish istiqbollari toʻgʻrisida fikr almashdi. Xususan, anor, tarvuz, qovun, sabzi va boshqa meva-sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarini Janubiy Koreyaga eksport qilish surʼatini oshirishga qiziqish bildirildi.
Anjuman doirasida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat yumshagach, Janubiy Koreya delegatsiyasining Xorazm viloyatiga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring