Oʻzbek kurashi boʻyicha kattalar oʻrtasidagi XI Osiyo chempionati Tojikistonda boʻladi
Foto: Illustrativ foto
Oʻzbek kurashi boʻyicha kattalar oʻrtasidagi XI Osiyo chempionati 2022-yilning 17-21-mart kunlari Tojikiston poytaxti hisoblanmish Dushanbeda boʻlib oʻtadi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi matbuot xizmati xabariga koʻra, Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi, Tojikiston milliy olimpiya qoʻmitasi, Dushanbe shahar hokimligi va Tojikiston kurash federatsiya tashabbusi bilan tashkil etilayotgan qitʼa birinchiligi joriy yil sentyabr oyida Xanjouda boʻladigan Osiyo oʻyinlari oldidan oʻziga xos tayyorgarlik vazifasini ham oʻtab beradi.
Oʻzbek kurashi tarixida biror marta qitʼa yoki jahon chempionatlari Tojikistonda boʻlib oʻtmagan.
Dengiz sathidan 823 metr balandlikda joylashgan shahar oʻzining togʻ oldi goʻzal tabiati, tarixiy obidalari va albatta mehmondoʻstligi bilan ajralib turadi.
Chempionat doirasida Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining navbatdagi ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi va kongressi ham boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Katta kurash bayramini yuqori darajada tashkil etish, sanitariya va pandemiya talablari asosida oʻtkazish uchun tashkilotchilar tomonidan keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, chempionat doirasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan 1-2 yulduz darajasi uchun xalqaro hakamlik imtihonlari ham boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
«Xush omaded, Kurash» gʻoyasi ostidagi boʻlib oʻtadigan bahslar “Dushanbe” universal sport kompleksida boʻlib oʻtadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring