Oʻzbek-xitoy vaksinasining “hind” shtammiga qarshi taʼsiri oʻrganilyapti
Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi raisi Li Van Jun va professor Chen Fan Gu bilan muloqot oʻtkazdi. Muloqot davomida Xitoy-Oʻzbekiston hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining koronavirusning turli variantlarga qarshi himoyasi toʻgʻrisida olingan ilmiy natijalar haqida soʻz bordi.
Tekshiruv natijalari haqida ikkita ilmiy maqola tayyorlangan boʻlib, ular bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin: https://doi.org/10.1038/s41422... va https://doi.org/10.1101/2021.02.01.429069.
Mazkur ikkita tadqiqotlar ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi Covid-19 virusining ayni vaqtda dunyoda tarqalgan "afrikancha" (501Y.V2) va “britancha” (D614G) variantlaridan himoya qila olishini tasdiqlamoqda.
Muloqot davomida hozirda olimlar Hindistondan tarqalgan delta-variant ustida ham tadqiqotlar olib borayotganlari, bu haqda maqola hali chop etilmagani, ammo natijalar ijobiy boʻlayotgani haqida fikr almashdilar. Laboratoriya tekshiruvlari vaksinatsiyalangan odam zardobi ham, hayvonlar zardobi ham delta variantga qarshi himoyalanganini namoyon etgan. Ayni paytda maʼlumotlar tasniflanmoqda va maqola yaqin kunlarda chop etilishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, shuni taʼkidlash joizki, hozirgacha Xitoyda 90 million aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi emlangan. Ularning aksariyati vaksinaning birinchi va ikkinchi dozalarini olishgan. Shu paytgacha mazkur vaksina bilan emlanganlar orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring