Oʻzbek yigitining Magnitogorskdagi jasorati
Magnitogorsk shahrida 2018 yilning 31 dekabr kuni yuz bergan portlash va uning qurbonlari haqida maʼlumot berilgan edi. Shuningdek, oʻsha kuni hamyurtimiz tomonidan koʻrsatilgan qahramonlik haqida ham xorij matbuotida koʻp yozilmoqda. Mana shu jasoratni oʻzbek matbuoti koʻproq yoritishi kerak, deb yozadi OʻzA.
Oʻzbekistonlik 23 yoshli ishchi Alan Abdullayev Rossiyaning Magnitogorsk shahrida portlash oqibatida qulab tushgan koʻp qavatli uy vayronalari ostidan sakkiz kishini birinchilardan boʻlib, hali Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari kelmasidanoq qutqarishga muvaffaq boʻlgan. Rossiya matbuoti Abdullayevni “haqiqiy qahramon”, deya taʼriflamoqda.
Magnitogorsk shahridagi qurilishlardan birida ishlovchi oʻzbekistonlik 23 yoshli Alan Abdullayev 31 dekabr kuni saharda portlash ovozini eshitadi. U odamlarga yordam berish uchun portlash roʻy bergan turar joy binosi tomon shoshadi.
Life.ru nashrining yozishicha, qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar Alan uy vayronalaridan sakkiz odamni qutqarishga muvaffaq boʻlgan.
“Portlash ovozini eshitishim bilanoq, darrov kiyimimni almashtirdim. U yerda odamlar turgan edi – hech kim yoniga bormadi. Vayron boʻlgan kvartirada yosh bolali ayolni koʻrdim. Qaysi qavatdaligini hozir eslolmayman. Shu yerga tirmashib, chiqib ularni pastga olib tushdim. 20-25 daqiqalardan soʻng FVVdan kelishdi. U yerda turib, Jenya ismli FVVdan kelgan yigitni kutdim. Jenya bilan yongʻin boʻlayotgan joyga chiqdik. U yerda keksa ayol yongʻinda qolib ketgan ekan. Uni yongʻindan chiqardik. FVVdagilar kelganida, men ularga vayronalar ostida qolgan odamlar bor joylarni koʻrsatdim”, – deb aytgan Alan Abdullayev Life.ru nashriga.
Hozirgi kunda Alan har kuni koʻngilli sifatida qutqaruvchilarga yordam bermoqda.
Alan Abdullayev Magnitogorskda qurilishda ishlaydi. Bundan tashqari u jang sanʼati bilan shugʻullanib keladi.
Eslatib oʻtamiz, Magnitogorskda 31 dekabr kuni yuz bergan portlash oqibatida vayron boʻlgan bino ostida qolib ketgan 39 kishi qurbon boʻldi. Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida maishiy gaz portlashi oqibatida koʻp qavatli uylarning birining podyezdi oʻpirilib tushgandi. Rossiya Tergov qoʻmitasi koʻp qavatli uyda portlash nima sababdan yuz berganini tekshirmoqda. Dastlabki taxminlarga koʻra, uyda gaz portlagan boʻlishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring