Oʻzbek futbolining professori Rustam Akramov vafot etdi
Bugun oʻzbek futboli ogʻir judolikka uchradi. Pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akramov 73 yoshida olamdan koʻz yumdi.
Rustam Akramovich Akramov 1948-yil 11-avgust kuni Toshkent viloyatida dunyoga kelgan. U kishi faoliyati davomida oʻzbek va Sobiq Ittifoq futboli rivoji uchun ulkan hissa qoʻshgan mutaxassis hisoblanadi. 1990 — 1992-yillar orasida Jazoirning USM klubi va milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan.
Rustam Akramov Mustaqillikka erishganimizdan soʻng futbol boʻyicha Milliy terma jamoamizni boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi. 1992 — 1994-yillar terma jamoamiz u kishi bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994-yil Xirosimada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida gʻalaba qozongan.
Rustam Akramovich 1995 — 1997-yillar Hindiston terma jamoasini boshqardi. Ushbu davlatdagi 2 yillik faoliyati davomida asosiy terma jamoa bilan bir qatorda bolalar futbolini rivojlantirish tizimini shakllantirdi. Keyinchalik OFK texnik direktori va FIFA instruktori boʻlib faoliyat olib bordi.
Oʻzbek futboli rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali hamda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring