O‘zbek diplomatlarining mavqei yanada ko‘tariladi

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda har tomonlama vazmin, ochiq va amaliy tashqi siyosat shakllandi. Keyingi paytlarda esa, xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarning faollashgani kuzatilmoqda. Albatta, bu jarayonda O‘zbekistonning ishtirokini munosib hamda yuqori darajada ta’minlashda birinchi o‘rinda Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi muassasalarining samarali faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Globallashuv jarayoni hamda dunyodagi siyosiy-iqtisodiy vaziyat shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, davlatimizning, eng avvalo, tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surishga yo‘naltirilgan faol, samarali va mutanosib tashqi siyosatni amalga oshirish talab etiladi.
Ta’kidlash joizki, Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 25 fevraldagi Farmoniga asosan, o‘z faoliyatini amalga oshirib kelayotgan edi. Biroq xalqaro maydonda ro‘y bergan keskin o‘zgarishlar, raqobat, qarama-qarshilik, geosiyosiy ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan bir paytda Tashqi ishlar vazirligi tizimini chuqur qayta ko‘rib chiqish hamda optimallashtirish zarurati yuzaga keldi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan
2018 yilning 5 aprelida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon Vatanimiz manfaatlarini xalqaro miqyosda qat’iy himoya qilish hamda uni ilgari surish borasidagi amaliy qadam bo‘ldi.
Mazkur hujjatda Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor maqsad va vazifalardan kelib chiqib, tizimni isloh etishning eng muhim yo‘nalishlari aniqlashtirib berildi. Avvalambor, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda Tashqi ishlar vazirligi hamda respublikamizning xorijdagi muassasalariga nafaqat tashqi siyosiy, balki tashqi iqtisodiy yo‘nalish ham ustuvor vazifa etib tayinlandi. Chet el investitsiyalarini jalb qilish, respublikamizning eksport salohiyatini oshirish, turizmni rivojlantirish, xorijiy hamkorlar bilan maqsadli aloqalarni yuritish va amaliy natijalarga erishishga qaratilgan masalalar asosiy vazifasi bo‘lgan Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi tashkil etildi.
“Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. Shunday ekan, Tashqi ishlar vazirligi tizimi faoliyatida ham mazkur yo‘nalishga alohida e’tibor qaratildi. Diplomatik hamda xalqaro me’yoriy vositalar orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda himoya qilishni ta’minlash vazirlik hamda mamlakatimizning xorijdagi muassasalarining asosiy vazifalari sifatida belgilandi.
Hozirgi xalqaro munosabatlarning jadal rivojlanishi natijasida ko‘plab yurtdoshlarimiz xorij safarida turli murakkab vaziyatlarga tushib qolayotgani sir emas. Shu bois Tashqi ishlar vazirligi tizimida alohida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi hamda uning tarkibida murojaatlarni qabul qilish sektori (call-center) tashkil etilishi diqqatga sazovordir.
Davlatimizning tashqi siyosatini samarali yuritish va bunda Tashqi ishlar vazirligi tizimi salohiyatini yanada oshirishda kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Diplomatiya, diplomatlik — oddiy kasb emas, balki insondan juda ko‘p fazilatlarni talab etadigan noyob san’atdir”. Tashqi ishlar vazirligining kadrlar siyosatiga ham alohida e’tibor berilishi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish borasidagi rejalar, o‘ylaymanki, yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi hamda haqiqiy vatanparvar, yurtimizning chinakam fidoyisi, kasbiga sadoqatli, professional yosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan mazkur xayrli ishlar mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalar hamda texnologiyalarni jalb qilish, turistlar oqimini kengaytirish uchun qulay tashqi siyosiy sharoitlar yaratadi. Eng muhimi, tashqi olamda Vatanimizning ijobiy imidjini yuksaltirish, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari huquqlari, qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash va o‘zbek diplomatlarining mavqeini yanada ko‘tarishga xizmat qiladi.
Rahmatilla NAZAROV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring