Ozarbayjon kompaniyasi Surxondaryoda pulli yoʻl qurishi mumkin
Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov Ozarbayjonning “Kaspian Kapital Grup” kompaniyasi asoschilari Elxan Pashayev va Taxir Iskandarov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Ozarbayjonning “Aztimont” va “Tovuz-Baltiya” korxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Dastlab avvalgi uchrashuvlarda kelishilgan loyihalarning borishi yuzasidan maʼlumot berildi. Xususan, vohada ozarbayjonliklar bilan hamkorlikda anor sharbati ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilganligi qayd etildi.
Shundan soʻng kelgusidagi hamkorlik rejalari, xususan, viloyat hududida pulli yoʻl qurish loyihasi muhokama qilindi. Viloyat rahbari yoʻl qurilishida Ozarbayjon kompaniyalarining katta tajriba va salohiyatga ega ekanligi taʼkidlab, bu boradagi hamkorlikdan mamnunligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar yoʻl qurilishi loyihasini mutaxassislarni jalb qilgan holda texnik va iqtisodiy koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, loyiha takliflarini taqdimotga tayyorlashga kelishib olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring