«Oʻzagroinspeksiya» tarkibida yangi markaz tashkil etilishi kutilmoqda
Oʻzbekistonga Turkiya delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad «Oʻzagroinspeksiya» faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda “Oʻzbek-Turk urugʻchilik test markazi”ni ochish loyihasini amalga oshirishdan iborat.
Qayd etilishicha, mehmonlar «Oʻzagroinspeksiya» va uning qoshidagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasida boʻlishib, ochilishi rejalashtirilgan “Oʻzbek-Turk urugʻchilik test markazi”ni «Oʻzagroinspeksiya»da tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.
Shuningdek, Turkiya delegatsiyasi tomonidan rejalashtirilgan “Oʻzbek-Turk urugʻchilik test markazi”ni xalqaro ISTA qoidalari asosida tashkil qilish taklifi bildirildi. Bunda, ushbu tashkil qilinadigan markazda Xalqaro ISTA talablari asosida sabzavot, poliz ekinlari urugʻlariga ISTA sertifikatlarini berish faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Uchrashuvda tomonlar oʻrtasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikrlar almashinib, «Oʻzagroinspeksiya»da “Oʻzbek-Turk urugʻchilik test markazi”ni tashkil qilish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring