Oʻtmishda yurtimizda flotiliya tuzilganmi?
Foto: Illustrativ surat
Qiziqarli fakt
Turkiston mintaqasi okean va dengizlar bilan oʻrab olinmagan. Suv yoʻllaridan chetda. Shu tufayli flot tuzish dolzarb masala sifatida hech qachon kun tartibiga qoʻyilmagan. Hatto hozirgi 28 mamlakat hududini oʻz poytaxti – Samarqand atrofida birlashtirgan Sohibqiron Amir Temur ham flotga ega boʻlmagan. U turk sultoni Boyazid Yildirimga qarshi qoʻshin tortar ekan, zarurat tugʻilganida Vizantiya, Genuya, Venetsiya (Italiya) flotidan foydalanishni rejalashtirgan.
Bilasiz, Turkiston mintaqasidan ikki azim daryo - Amudaryo va Sirdaryo oqib oʻtadi va suvini Orol dengiziga quyadi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, 1852-yilda mintaqada, yaʼni rus bosqini arafasida Perovskiy nomli bitta paraxod bilan Orol floti ish boshlagan. Bu flot 1883-yilgacha faoliyat yuritgan. Flot tuzishdan savdo-sotiqni yoʻlga qoʻyish, yoʻlovchi tashish va asosan harbiy maqsadlar koʻzlangan, albatta.
1883-yildan Orol flotiliyasi Amudaryo flotiyasiga aylantirilgan. Shuningdek, Sirdaryo flotiliyasi ham tashkil etilgan. Flot kemalari Chorjoʻy-Petro-Aleksandrovich, Chorjoʻy-Kerki, Chorjoʻy-Kelif-Termiz yoʻnalishlari boʻylab suzgan.Amudaryo flotiliyasida «Sar» «Saritsa», «Angalt», “Samarqand”, «Perovskiy», “Aral”, «Sыr-Darya», Toshkent paroxodlari, “Moskva”, “Peterburg” nomlari bilan 10-13 ta barja (dvigatelli qayiq), 2 ta bugʻli katerni koʻrish mumkin edi.
1894-yilda Turkistonda flotiliyaning maxsus nizomi qabul qilingan, 1896-yilga kelib flotiliyada paroxod, barja, katerlar soni 22 taga yetgan, ularda 24 nafar zobit, 548 nafar matros xizmat qilgan. XX asr boshlarida flot orqali har yili 530.00 pud yuk, 17.000 yoʻlovchi tashilgan.
Amir tartibi agʻdarilgan 1920-yilning sentyabridan soʻng Amudaryo floti amalda faoliyatini toʻxtatgan. Biroq Chorjoʻy, Karki, Termiz hududlari BXSR (Buxoro xalq sovet respublikasi) tarkibidagi viloyatlar edi. BXSR hukumati shu tufayli Amudaryo flotini qayta tiklash, flot orqali yuklar va yoʻlovchilarni manzilga yetkazishini yoʻlga qoʻyish maqsadida tegishli chora-tadbirlar koʻrgan. Buning uchun bugʻ dvigateli bilan ishlaydigan 70, 40, 35, 20 ot kuchiga ega paroxodlarni, 10-12 ot kuchiga ega barjalarni taʼmirlash, yangilarini xarid qilish niyatida Oʻrta Osiyo «Dobroflot» (flot koʻngillilari) uyushmasining Buxoro boʻlimi tashkil etilgan. Bu boʻlimni boshqargan BXSR hukumati aʼzolari A. Muhiddinov, Otaulla Xoʻjayevlar eski Buxoroga 1922-yil oktyabrida tashrif buyurgan RSFS «Dobroflot» rahbari A.Shnayder bilan muzokaralar olib borib, oltin barobarida zamonaviy paraxodlar sotib olish masalasini kun tartibiga qoʻyganlar.
Buxoro, Chorjoʻy, Qarshi shaharlarida «Dobroflot» transport agentligi idorasi tuzilib, uning tarkibiga 4 nafar kishi (rais, rais oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi, ekspeditor) kiritilgan. Ularga bir oyda jami 1100-1300 tanga miqdorida maosh belgilangan.
«Dobroflot» Buxoro boʻlimi tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan Chorjoʻy shahri portidan “Toshkent”, “Chorjoʻy” nomli paroxodlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi va Amudaryo-Shovot kanali yoʻnalishida Chorjoʻydan Xorazmga har yili oʻrtacha 3000 pud miqdorida yuk tashila boshlandi.
Biroq dvigatel yoqilgʻisi tanqisligi, paroxod va barjalar narxining balandligi, keyinchalik BXSR tugatilib yuborilishi kabi omillar tufayli muntazam flot qatnovini yoʻlga qoʻyish imkoni boʻlmadi.
Taʼkidlash joizki, BXSR hukumati va markaziy ijroiya qoʻmita respublikaning soʻnggi yilida ham muntazam flot qatnovini yoʻlga qoʻyish harakatini qildi. 1924-yilning 19-mayida Amudaryo boʻylab paroxod va qayiqlar qatnovini taʼminlash uchun hukumat byujetidan 150 ming rubl mablagʻ ajratilgandi. Oʻzbekiston Milliy arxivi, R-53-fond, 1-roʻyxat, 52-yigʻma jild, 39-varagʻida shu haqida soʻz boradi. Biroq 1924-yilning kuzida Oʻrta Osiyoda oʻtkazilgan milliy hududiy chegaralanish tufayli BXSRning bu boradagi reja va vazifalari qogʻozda qolib ketdi.
Shodmon HAYITOV,
Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi professori, tarix fanlari doktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring