Oʻtgan yilda suv hisoblagichlari bilan taʼminlanganlik 64,3 foizga yetkazildi
Foto: Illustrativ foto
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov maʼlum qildi.
2022-yilda barcha dasturlar doirasida 3,3 trillion soʻm byudjet mablagʻlari va xalqaro moliya institutlarining 185,5 million dollar mablagʻlari oʻzlashtirilishi hisobidan jami 7 130,1 kilometr ichimlik va 232,9 km oqova suv tarmoqlari tortilib, 859 ta ichimlik va oqova suv inshootlarini qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari, hududiy suv taʼminoti korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobidan jami 82,8 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 7 ta suv qudugʻi qazildi va 121 ta yangi nasos uskunalari oʻrnatildi. Shuningdek, 44,9 milliard soʻm moliyalashtirish evaziga 1,8 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 2 mingga yaqin nasos uskunalari mukammal va joriy taʼmirlandi.
Dasturlar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, 2022-yilda Investitsiya dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-yanvardagi qaroriga asosan 204 ta obyektlarda 1,7 trillion soʻm oʻzlashtirilishi evaziga jami 1 936 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilib, 119 ta inshootlarda qurilish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.
2022-yilda xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 185,5 million dollar mablagʻlar oʻzlashtirilib, qarz mablagʻlarini oʻzlashtirish hajmi oʻtgan yilga nisbatan 57 foizga oshdi. Oʻzlashtirilgan mablagʻlar hisobidan jami 243 kilometr ichimlik va 83,8 km oqova suv tarmoqlari tortildi, shuningdek, 121 ta obyektda qurilish ishlari amalga oshirilib, hisobot davrida 1 ta suv tozalash inshooti, 14 ta suv taqsimlash inshooti, 1 ta suv minorasi, 13 ta suv qudugʻi va 18 ta suv rezervuari, 3 ta oqova suv tozalash inshooti hamda 2 ta oqova suv nasos stansiyasida qurilish ishlari yakunlandi.
Masalan, Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan Toshkent viloyatida quvvati sutkasiga 100 ming m3 boʻlgan “Qodiriya” suv tozalash inshooti, Jizzax shahrida quvvati sutkasiga 30 ming m3 boʻlgan oqova suv tozalash inshooti hamda Jahon banki mablagʻlari hisobidan Buxoro shahrida quvvati sutkasiga 100 ming m3 boʻlgan oqova suv tozalash inshooti ishga tushirildi.
2022-yilda barcha dasturlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 69,7 foizdan 74,4 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi esa 17,2 foizdan 18,9 foizga yetkazildi.
Isteʼmolchilar bazasi 4 million 150 mingtadan, 4 million 4 mingtaga yetkazilib, 242 ming isteʼmolchiga (6 foiz) oshirildi.
Suv hisoblagichlari mavjud isteʼmolchilar 2 million 420 mingtadan 2million 830 mingtaga, suv hisoblagichlari bilan taʼminlanganlik 64,3 foizga yetkaziladi.
Hisobot davrida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishga ham alohida eʼtibor qaratilib, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 90,5 kVt quvvatdagi quyosh panellari oʻrnatildi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 39 ta quyosh fotoelektr stansiyalari hamda quyosh panellarini oʻrnatish maqsadida umumiy qiymati 220,46 million soʻmlik shartnoma imzolandi. Samarqand viloyatida 4 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Jizzax viloyatida 2 ta suv inshootlariga quyosh panellarini oʻrnatish maqsadida tender savdolariga tegishli eʼlonlar qoʻyildi.
Qolaversa, “Sirdaryo suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 37 ta, “Surxondaryo suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa 16 ta elektr energiya tejamkor nasoslariga almashtirilishi natijasida bir oyda 77 ming kVt elektr energiya iqtisod qilindi.
2022-yilda Namangan shahridagi “Kizil ravot” suv inshootida 3 ta nasoslarning tejamkor nasoslarga almashtirilishi natijasida esa 1 yilda 6 570 kVt elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring