Oʻtgan yilda Oʻzbekiston Respublika valyuta birjasida savdolarning umumiy hajmi rekord darajaga yetdi
Foto: Illustrativ foto
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Valyuta birjasi axborot xizmati rahbari Gulshan Botirova maʼlum qildi.
Sizlarga mamlakatimizning koʻp funksiyali va eng yirik birja platformasi, milliy valyutadagi likvidlikning markazi boʻlgan “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” aksiyadorlik jamiyati toʻgʻrisida va u tomonidan 2022-yil davomida joriy etilgan yangiliklar hamda amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtmoqchiman.
Aytish joizki, bugungi kunda, OʻzRVB tomonidan valyuta, pul, davlat qimmatli qogʻozlari bozorlarida va, 2022-yildan boshlab esa, derivativlar bozorida birja savdolari tashkil etilgan boʻlib, uning xizmat turlari davlat qimmatli qogʻozlarini hisobga olish va ularni saqlash boʻyicha depozitar xizmatlarni koʻrsatish hamda birja savdolari boʻyicha hisob-kitob va kliringni amalga oshirish kabi muhim funksiyalarni ham qamrab olgan.
Maʼlumot uchun, 2022-yil yakunlariga koʻra OʻzRVBda savdolarning umumiy hajmi rekord daraja - 706,79 trln. soʻmga yetib, oʻtgan yilning mos koʻrsatkichiga nisbatan oʻsish 81,60 foizni tashkil etdi.
Valyuta bozori haqida
OʻzRVB valyuta bozorida AQSH dollari, yevro, Rossiya rubli va Xitoy yuani oldi-sotdisi boʻyicha spot operatsiyalari OʻzRVB tomonidan ishlab chiqilgan “Rhombus” platformasida «koll-auksion» hamda ikki tomonlama uzluksiz auksion zamonaviy usullari orqali amalga oshiriladi.
2022-yil yakunlari boʻyicha birja valyuta bozoridagi savdolarning umumiy hajmi 338,34 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos koʻrsatkichiga nisbatan 1,5 barobar oshdi.
Respublika valyuta bozorini yanada rivojlantirish, birja savdo ishtirokchilari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida OʻzRVBda 2022-yil davomida bir qator strategik ahamiyatga ega ishlar amalga oshirilgan, jumladan:
1. Ichki valyuta bozorida tijorat banklarining milliy valyuta kursi shakllanishidagi faolligini oshirish maqsadida bozor tamoyillariga muvofiq market-meykerlik faoliyati joriy etildi.
Market-meykerlik instituti joriy etilishi bozorda likvidlikning kun davomidagi uzluksizligini taʼminlanishi, bitimlar hajmi va koʻlamining ortishi hamda valyuta kursi asosida bozor indikatorlarining shakllanishi masalalarini yanada takomillashtirish uchun asos boʻldi.
2. Bundan tashqari, risklarni samarali boshqarish maqsadida OʻzRVB valyuta bozorida markaziy kontragent faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bunda, ushbu faoliyatni yuritish orqali, OʻzRVB markaziy kontragent funksiyasini bajaradi va valyuta bozorida tuzilgan bitimlarning ijrosini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Markaziy kontragent faoliyati joriy etilishi bilan birga, OʻzRVBda tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida Kafolat jamgʻarmasi ham tashkil etildi.
3. Shuningdek, OʻzRVB tomonidan defolt-menejmentning samarali tizimi joriy etilgan boʻlib, Markaziy kontragent faoliyati bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan likvidlik provayderlari faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Buning oqibatida, riskni boshqarish mexanizmlar koʻlami kengaytirildi.
Likvidlik provayderi hisoblangan tijorat banki valyuta oldi-sotdi operatsiyalari boʻyicha defolt holati yuzaga kelganda bitim tarafi sifatida qatnashishi va OʻzRVB bilan milliy va xorijiy valyuta oldi-sotdisi boʻyicha bitim tuzish majburiyatini oladi.
Bu, oʻz navbatida, valyuta bozoridagi defolt menejmenti tizimini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Hurmatli teletomoshabinlar! Yuqorida sanab oʻtilgan market-meykerlik instituti, markaziy kontragent va likvidlik provayderi faoliyatlari, aytish joizki, ilk bor OʻzRVB tomonidan joriy etilgan boʻlib, shubhasiz, respublikamiz moliya bozori uchun strategik ahamiyatga molikdir
Pul bozori toʻgʻrisida
Banklararo pul bozorida bugungi kunda OʻzRVBning maxsus elektron platformasi orqali tijorat banklarining boʻsh pul mablagʻlarini 1 kundan bir yilgacha boʻlgan muddatga jalb qilish va joylashtirish boʻyicha savdolar oʻtkazilib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan depozit auksionlari ham tashkil etilgan.
Ushbu bozorda oʻtkaziladigan savdolar bozor qatnashchilariga qisqa muddatli aktivlarga pul mablagʻlarini tezkor ravishda jalb qilish va joylashtirish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi. Soʻnggi yillardagi hajmlar ijobiy dinamikasi pul bozori instrumentlari jozibadorligi toʻgʻrisida dalolat beradi.
2022-yilda ushbu bozordagi savdolarning umumiy hajmi rekord daraja - 270,61 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan deyarli 93%ga oshdi.
Davlat qimmatli qogʻozlari bozori
Ushbu bozorda OʻzRVBning elektron savdo-depozitar platformasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining gʻaznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari, shuningdek Markaziy bankning obligatsiyalari birlamchi joylashtirilishi va ikkilamchi muomalasi boʻyicha savdolar, shuningdek REPO operatsiyalari tashkil etilgan.
2022-yilda ushbu bozorda jami 87,29 trln. soʻm qiymatida davlat qimmatli qogʻozlari joylashtirilgan boʻlib, 2021-yilga nisbatan ushbu koʻrsatkich 3,5 barobar oshdi.
Aytish joizki, mamlakatimiz kapital bozorining muhim qismi boʻlgan davlat qimmatli qogʻozlari bozorini takomillashtirish borasida hisobot yili davomida bir qator dolzarb ishlar amalga oshirildi.
1. Xususan, OʻzRVB auksionlarida ilk marotaba muomala davri
10 yil boʻlgan davlat qimmatli qogʻozlari joylashtirildi. Bu moliyaviy instrumentlar qatorini diversifikatsiyalashga, bozorda «benchmark»ni shakllantirishga, shuningdek sugʻurta kompaniyalari va pensiya jamgʻarmalarini jalb qilish orqali investorlar bazasini kengaytirishga imkon beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring