Otabek Mahkamov ogʻir ahvolda ekani aytilmoqda. SSV uning AQSHda davolanayotganini maʼlum qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Otabek Mahkamov ogʻir ahvolda ekani va mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatidan norozilik bildirgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi vaziyatga aniqlik kiritish uchun ushbu holatni oʻrgandi. Natijada, O.Mahkamov vazirlik tizimiga kiruvchi biror davolash muassasasida muolaja olmagani aniqlandi.
Bundan tashqari, jurnalist shu yilning iyun oyi boshida mamlakatimizdan xorijga safarga ketganligi, hozirda esa AQSHda davolanayotganligi haqida xabarlar aytilmoqda.
«Qolaversa, internet tarmogʻida tarqalgan matn aynan jurnalist O.Mahkamovga tegishli ekani ham tasdiqlanmagan. Ushbu matnning oddiy imlo va grammatik qoidalarga javob bermasligi ham buni tasdiqlay oladi.
Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar adminlari, blogerlar va fuqarolardan inson hayoti bilan bogʻliq bu kabi masalalar ortidan asossiz shov-shuv qoʻzgʻashga urinish qonunga va insoniylik tamoyillariga zid ekanini eslatib oʻtamiz», deyiladi vazirlik munosabatida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring