Ot sporti majmuasi barpo etilmoqda

17:38 27 Mart 2025 Jamiyat
462 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xorazm viloyatining Urganch tumanida 5,5 gektar maydonda zamonaviy ot sporti majmuasi barpo etilmoqda. Majmua tarkibidan 35 ta otga moʻljallangan 2 ta ochiq manej, otxona, jismoniy nuqsoni bor bolalarni otlar yordamida davolash — ippoterapiya markazi oʻrin oladi. Otchoparda xalqaro va Respublika ahamiyatidagi musobaqalarning uyushtirilishi bu manzilni ot sportiga qiziquvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun muhim lokatsiyaga aylantiradi.

— Yurtimizda azal-azaldan otga insonning sodiq hamrohi sifatida munosabatda boʻlib kelingan, — deydi Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati boshqarmasiga qarashli chavandozlar maktabi direktorining oʻrinbosari Tursunoy Sattorova. — Shu bois, toʻylar koʻpkarisiz oʻtmagan, yilqichilik, ot sporti yaxshi rivojlangan. Keyingi yillarda ot sportini ommalashtirishga qaratilgan eʼtibor tufayli ushbu qadim qadriyatimiz, uloq-koʻpkari oʻyinlarimiz yanada kengroq miqyos va mazmun kasb etmoqda. Jumladan, Xorazmda yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladigan ushbu majmua yoshlarning mazkur sport turiga qiziqishlarini oshirish, mohir chavandozlarni tarbiyalash, hududning turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Xivada yer osti yoʻl oʻtkazgichi qurilmoqda

Bir necha yillardan buyon Xiva shahridagi Qumyasqa, Kaptarxona, Yangiariq va Gazchi mahallalarida yashovchi aholi shahar markaziga borish uchun 5-10 km ortiqcha yoʻl bosib oʻtishga majbur boʻlayotgan, qolaversa, jamoat transporti harakati uchun ham noqulayliklar mavjud edi.

Joriy yilda mazkur muammo oʻz yechimini topadi. Ayni kunda Xiva temir yoʻl vokzali oldidan ushbu mahallalarni shahar markazi bilan bogʻlovchi, uzunligi 450 metr boʻlgan yer osti yoʻl oʻtkazgichi barpo etilmoqda. “Oʻzyoʻlkoʻprik” klasteri tomonidan bunyod etilayotgan ushbu inshootning umumiy qiymati 90 mlrd soʻmni tashkil qiladi. Asfalt va temir-beton konstruksiyalardan iborat yoʻl oʻtkazgichda avtotransportlar 4 qator boʻlib harakatlanadi. Yangi yer osti yoʻl oʻtkazgichi turizm shahri boʻlgan Xivada sayyohlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.

Bogʻotda mahalla va maishiy xizmat koʻrsatish markazlari ish boshladi

Bogʻot tumanidagi Yangi qadam hamda Uzumzor mahallalarida mahalla va maishiy xizmat koʻrsatish markazlari oʻz faoliyatini boshladi. Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro jamgʻarmasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida barpo etilgan ushbu markazlarda kasbga oʻrgatish oʻquv kurslari, fitnes klubi, kimyoviy tozalash, tikuvchilik, qandolatchilik sexlari, maishiy texnikalarni taʼmirlash ustaxonasi va boshqa xizmat turlari yoʻlga qoʻyilgan.

— Mahallamizda 5,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, — deydi “Yangi qadam” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Umid Bekturdiyev. – Yangi markazda aholiga 11 turdagi maishiy xizmatlar koʻrsatish bilan bir qatorda, hududimizdagi ishsiz fuqarolarni shu yerda kasbga oʻqitish, bandligini taʼminlash va kambagʻallikdan chiqarish imkoniyatiga ega boʻldik. “Mahalla yettiligi”ning ham ushbu markaz binosida faoliyat olib borishi, aholiga qulaylik tugʻdirib, murojaatlar bilan ishlash, muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер