Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
Viloyat shahar va tumanlarida Yangi yil darakchisi – bayram archalari atrofida serzavq tomoshalar boshlanib ketdi. Ular orasida boʻyi eng balandi Davlatoboddagi “Afsonalar vodiysi tematik parkidan joy olgan. Osmon sari 42 metrga “oʻsgan”, aylanasi 20 metrga yetadigan ulkan archa 1600 tadan koʻproq oʻyinchoqlar bilan bezatilgan. Uch qismidagi ikki metrli porlab turgan yulduzcha tunda shaharning eng olis chekkalarida ham yaltirab koʻzga tashlanadi.
— Bogʻimiz hozirdanoq Yangi yilni orziqib kutayotgan bolajonlarga toʻlyapti. Ular uchun yanvarning birinchi oʻn kunligida ham davom etadigan bayram dasturi tayyorlangan, — deydi park ish boshqaruvchisi Inomjon Moʻydinov. – Qorbobo va Qorqiz ishtirokidagi quvnoq oʻyinlar, taniqli estrada xonandalarining chiqishlari, qiziqarli sirk tomoshalari barchaga unutilmas lahzalarni hadya etishi tabiiy.
Aytish lozimki, “Afsonalar vodiysi” ertaknamo manzaralari bilan kishini oʻziga rom etadigan maskan. Bu yerdagi qator attraksionlar, xususan, 92 metr balandlikka choʻzilgan tomosha charxpalagi hamisha tashrif buyuruvchilar bilan gavjum.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring