Organizmning magniyga boʻlgan kunlik ehtiyoji 300-350 milligrammga teng — mutaxassis

17:18 04 Aprel 2023 Jamiyat
649 0

Magniy — salomatlik uchun oʻta muhim mikroeliment. U organizmda energiya, oqsil, uglevod va yogʻ almashinuvini taʼminlovchi fermentlar faoliyatini muvofiqlashtirib turadi. Qolaversa, yurak ritmining buzilish xavfini kamaytirishi, tomirlarda qon ivishining oldini olishi bilan ahamiyatli, — deydi Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Shahnoza Zufarova.

Bu modda tanqisligi kuchli stress, ruhiy tushkunlik, bosh aylanishi va ogʻrigʻi, sababsiz vahima, surunkali charchoq, uyqu buzilishi, xotira susayishi, meʼda-ichak spazmi, yurak urishining tezlashishi, qon bosimi oshishi yoki tushishi, mushaklar tortishishi singari belgilar bilan namoyon boʻladi.

Organizmning magniyga boʻlgan kunlik ehtiyoji 300-350 milligrammga teng. Homiladorlik va boshqa holatlarda bu koʻrsatkich yanada ortishi tabiiy. Ushbu massa oziq-ovqat isteʼmoli orqali olinadi.

Yongʻoq, guruch, baliq, jigar, pishloq, grechixa yormasi, kunjut, qovoq, makkajoʻxori, boshoqli va dukkaklilar, meva-sabzavotlar mikroelementning asosiy manbaidir.

Biroq soʻnggi vaqtlarda “fasd-fud”, gazli ichimliklar, shakar va tuzga boy hamda yarim tayyor mahsulotlar ovqatlanish ratsionimizdan keng oʻrin egallayotgani tufayli organizm yetarli miqdorda magniydan bahramand boʻlmayapti.

Shuningdek, spirtli ichimliklariga ruju qoʻyish, chekish kabi zararli illatlar ham magniy tanqisligini keltirib chiqarmoqda.

Magniy yetishmasligi biriktiruvchi hujayralarning kuchsizlanishi singari ogʻir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Bunday holatda shifokor tomonidan maxsus dori preparatlari tavsiya qilinadi.

Ammo baʼzi insonlar magniy tanqisligi kuzatilsa, oʻz bilganicha dori vositalarini ichishadi. Toʻgʻri, tarkibida magniy saqlovchi preparatlarning organizmga nojoʻya taʼsiri aniqlanmagan.

Biroq shifokor koʻrigidan oʻtmay turib, dori-darmonlarda isteʼmol qilish salbiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер