“Oʻrgangan koʻngil”: Uch marta sudlangan hokim yordamchisi pora olgan paytida ushlandi
Uchtepa tumani hokim yordamchisi 30 ming AQSH dollar pora olgan vaqtda qoʻlga olindi. U tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqaroga tanishlari orqali 210 kvadrat metr yer maydonini auksion orqali yutib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. Bu xizmat evaziga 30 ming AQSH dollar talab qilgan mansabdor shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Maʼlum boʻlishicha, hokim yordamchisining ilgari uch marotaba sudlangan. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) boʻyicha javobgarlikka tortilgani maʼlum boʻldi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda pora berish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Sud uni qamoqqa olish ehtiyot chorasini qoʻlladi.
Ushbu holat mansabdor shaxslarning jamiyatdagi masʼuliyati va korrupsiyaga qarshi kurashdagi ahamiyatiga eʼtibor qaratish zarurligini yana bir bor namoyon etdi. Tergov ishlari hozirda davom etmoqda va unga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring