O‘quvchilarning peshonasiga "ikki" qo‘ygan o‘qituvchilar ishdan haydaldi

18:50 21 May 2018 Jamiyat
2331 0
Фото: xabar.uz

Toshkent viloyati Bekobod shahar prokuraturasi Bekobod shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan noxush voqea yuzasidan tergov oldi tekshiruv ishlarini o‘tkazdi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yil 3 may kuni Toshket viloyati Bekobod shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi M.Hamdamova shu dargohda taxsil olayotgan 1-“j” sinfining to‘rt nafar o‘quvchisini uy vazifasini tayyorlab kelmaganlikda ayblab, jazo sifatida sinfdagi barcha o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida “ikki” bahoni ruchkada ularning peshonasiga yozib qo‘ygan.

Ushbu voqeadan xabar topgan mazkur maktabning yana bir o‘qituvchisi S.Raxmonova kasbdoshi M.Hamdamovaga nisbatan bo‘lgan eski adovati sababli ertasi kuni o‘sha o‘quvchilarni o‘z xuzuriga chaqirib, g‘arazli niyatda ularning peshonalariga “ikki” raqamini qaytadan yozib, shu ko‘rinishlarida ularni uyali telefon yordamida suratga olgan. Olingan suratni esa internetdagi tarmoqlarga kasbdoshi M.Hamdamova nomidan joylashtirgan.

Internet sahifalarida shov-shuvga sabab bo‘lgan bu surat ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Tekshiruv natijasida o‘quvchilarini xo‘rlab, huquqini poymol qilgan ikki nafar o‘qituvchi S.Raxmonova va M.Hamdamovalar ta’lim xodimi, degan nomga noloyiq deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligidagi tegishli moddalarga muvofiq ishdan bo‘shatildilar.

Ta’lim xodimlarining shunday qabih ishlarni qilishlariga zamin yaratib bergan maktab direktori D.Babamuratova hamda besh nafar direktor o‘rinbosarlari ham o‘z lavozimlaridan ozod etildilar.

Ta’lim-tarbiya ishlaridagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari uchun Bekobod shahar xalq ta’limi mudiri M.Qo‘ziboyevga esa intizomiy jazo chorasi sifatida “Hayfsan” e’lon qilindi.

O‘tkazilgan tekshiruv ishlari natijasida shuningdek, maktab uchun davlat tomonidan ajratilgan 21 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘i mazkur ta’lim maskanining rahbarlari tomonidan talon-toroj qilinganligi ham aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan Bekobod shahar prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер