“Oʻquvchilar ustida tajriba oʻtkazib koʻriladimi?” Sobiq deputat maktablar ochilishini keskin qoraladi
Maʼlumki, 14-sentyabrdan maktablar faoliyati qayta tiklanadi. Biroq farzandlarining maktabga borib oʻqishi yoki onlayn darslarda ishtirok etishini ota-onalarning oʻzi tanlaydi. Ammo bu kabi qaror barchani ham qoniqtirmayapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputati Abdurashid Abduqodirov maktablarning ochilishini notoʻgʻri deya baholamoqda.
"Maktablarni ochilishi notoʻgʻri.
Hozirgi kunda, masʼullarning irodali qaror qabul qila olmaganliklari sababli, maktablarda ota-onalar oʻrtasida maktabni ochish kerakmi yo onlayn taʼlim davom etsinmi degan mazmunda soʻrovnomalar oʻtkazish boshlandi.
Aslida esa, bu kabi soʻrovnomalarga hojat yoʻq.
Agar sogʻlik-salomatlikdan koʻra taʼlim birinchi oʻrinda boʻlganida, oʻquvchilar kasal boʻlganda ham oʻqitilar edi. Biroq, sogʻlik hamma narsadan ustun turadi. Shuning uchun, onlayn taʼlimni davom ettirish shart. Soʻrovnoma oʻtkazish shart emas. Baribir, har xil munosabat bildiriladi. Germaniya tajribasi onlayn taʼlimni davom ettirish uchun yetarli boʻlmaydimi? U yerda ikki haftada qirqdan ortiq maktablarda kasallik aniqlangan. Yoki, oʻquvchilar ustida tajriba oʻtkazib koʻriladimi, maktablarni ochib koʻramiz, oʻquvchilar kasal boʻlishni boshlasa, keyin onlayn taʼlimga qaytamiz deb. Maktablarni faqat, xohlovchilarga ochish ham toʻgʻri emas. Chunki, ularni xohishi oʻquvchilarni kasallik yuqishidan saqlab qolmaydi.
Umuman aytganda, toki kasallik ustidan toʻliq gʻalaba qozonilmaguncha, masofaviy faoliyatga oʻtishning zarracha imkoni bor barcha subyektlarda masofaviy faoliyatga oʻtilishi, ijtimoiy himoya, niqob, dezinfeksiya tartiblariga qatʼiy amal qilinishi shart.
Maktablar ochilsa, ertami kechmi, oʻquvchilar orasida kasallik tarqaydi. Ayniqsa qishda. Oqibatda kasalxonalarda yuklama ortib ketadi. Shuningdek, oʻquvchilar orqali yoshi kattalarga yuqish koʻpayadi. Oliy taʼlim boʻyicha ham shu fikrlar.
Buning oʻrniga, oʻquvchilarga oʻzini oʻzi sinab borishi uchun har oyda test savollar berilib, chorak yakunida test orqali onlayn asosda baholab borishni yoʻlga qoʻyish lozim.
Yana bir gap, kasallik kam tarqayapti deb aytilayotgan baʼzi viloyatlarda kasallanganlar soni aytilayotganidan ancha koʻp. Buni hamma bilsa kerak, hatto oʻsha maʼlumotlarni tarqatayotgan masʼullar ham.
Bundan tashqari, farzandiga kasallik yuqqan ota-onalarning boshidan nimalar oʻtishini his qilish unchalik qiyin emas.
Ochigʻini aytganda, koʻpchilik maktablardagi taʼlim sifati farzandlarimizning salomatligini garovga qoʻyib tavakkal qilishimizga arzimaydi xam. (Taʼlim sifati yuqori boʻlgan sanoqli maktablardan uzr).
Oliy taʼlim boʻyicha ham shu fikrdaman", deydi deputat.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring