Oʻquvchilar Navoiy haqidagi spektaklni tomosha qilishdi
Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomli ijod maktabida navbatdagi teatr kunida “Alisher Navoiy” spektakli namoyish etildi.
Margʻilon shahar musiqali maqom teatri tomonidan Nurillo Abbosxon ssenariy muallifligida rejissyor Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan spektakl oʻziga xos sahna bezaklari, Alisher Navoiy gʻazaliga bagʻishlangan mumtoz kuy-qoʻshiqlari bilan tomoshabinni oʻsha davr adabiy muhiti bilan yaqindan tanishtirdi. Boʻlajak ijodkorlar esa Alisher Navoiy ijodiy olami bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.

— Prezidentimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yaqinda boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida mehnat jamoalarida har oyning bir kunini Teatr kuni sifatida belgilash tashabbusini ilgari surgan edi, — deydi Ijod maktabi direktori Nigora Mannopova. — Shu tashabbus asosida, qolaversa, qutlugʻ sana munosabati bilan ushbu spektakl namoyish etildi.
Viloyatdagi 5 ta teatr ijodiy jamoasi bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilari uchun koʻngilochar tomoshalar va teatr jamoalari bilan ijodiy muloqotlar oʻtkazib borish belgilandi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring