Oʻqotar qurollarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha milliy seminar boʻlib oʻtdi

11:14 30 Mart 2026 Jamiyat
245 0

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish va jamoat tartibini mustahkamlash yoʻnalishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda huquq-tartibot organlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini izchil ravishda oshirib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, xodimlar va boʻlajak mutaxassislardan jinoyatlarni aniqlashda zamonaviy usullar, raqamli texnologiyalar hamda ekspert-kriminalistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi xavflar yuzasidan zaruriy koʻnikmalar va tushunchalarga ega boʻlishi talab etilmoqda.

Shu munosabat bilan, Narkotiklar va oʻqotar qurollarni ustidan nazorat qilish agentligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Oʻqotar qurollar va uning oʻq-dorilari noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish: milliy va xalqaro tajriba, raqamli texnologiyalar va zamonaviy xavf-xatarlar” mavzusida milliy seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbir avvalida IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov, Agentlik direktor oʻrinbosari Jobir Azimov, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Afgʻoniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston boʻyicha mintaqaviy vakili oʻrinbosari Aleksandr Fedulov, YXHT Loyihalar koordinatori missiyasi rahbari elchi Antti Karttunen hamda boshqa nufuzli milliy va xalqaro ekspertlar soʻzga chiqib, mazkur milliy seminar samarali muloqot maydoniga aylanishini, oʻqotar qurollarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda amaliy natijalarga xizmat qilishini taʼkidladilar. Shuningdek, oʻquvlar doirasida ilgʻor milliy va xalqaro tajribalarni oʻrtoqlashilib, ishtirokchilar oʻrtasida oʻzaro fikr va bilim almashinuvi mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

Seminarda respublikamizning barcha hududlaridan 800 dan ziyod Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Bojxona qoʻmitasi, IIV Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti, Kriminologiya tadqiqot instituti xodim va talabalari tinglovchi sifati ishtirok etdi.

Seminar doirasida tinglovchilar chet el va mahalliy mutaxassislar tomonidan oʻqotar qurollar va oʻq-dorilar noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro jarayonlar, milliy qonunchilikning amaldagi holati va uni takomillashtirish masalalari, jinoyatlar uchun javobgarlik va uni qoʻllashdagi muammolar, tergov taktikasi va metodologiyasi, tezkor-qidiruv faoliyatida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish, ekspert-kriminalistika boʻlinmalarining oʻrni va ahamiyati, 3D-printer orqali qurol tayyorlash bilan bogʻliq yangi xavf-xatarlar, kibermakonda noqonuniy qurol aylanmasiga qarshi kurashish, kontrabandaga qarshi kurashishda zamonaviy usullar hamda bu sohada xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT va YXHTning tajribalari bilan atroflicha tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar oʻrtasida savol-javoblar oʻtkazilib, sohani yanada takomillashtirish boʻyicha xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur seminar oʻqotar qurollar va oʻq-dorilar noqonuniy muomalasiga qarshi samarali kurashishda milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajribalar almashish hamda zamonaviy tahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер