Oqlov hukmi chiqqan fuqaro nega qayta sudga tortilmoqda, yoki inson taqdiri shunchalik “oʻyinchoq”mi?
Tahririyatga Qarshi tumanidagi Bogʻobod MFY Toʻqmangʻit qishlogʻida yashovchi fuqaro Obid Amirqulovdan ariza kelib tushdi. Unda aytilishicha muallif Qashqadaryo viloyat Koson tumani IIB JQvaOʻJQKB (Jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻlinmasi) katta tezkor vakili boʻlib ishlagan paytda 2011-yilning 15-oktyabrida OʻzR.JKning bir necha moddalari bilan ayblanib, qamoqqa olingan va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining 2012-yil 12-martdagi hukmiga koʻra 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Shundan beri oʻtgan 8 yillik sarson sargardonliklardan keyin nihoyat 2019-yilning 1- avgustida Harbiy sudi appelyatsiya sudlov hayʼatining qarori bilan ushbu jinoyat ishining Obid Amirqulovga tegishli qismi koʻrib chiqilib, toʻliq oqlov hukmi eʼlon qilingan.
Ammo O. Amirqulovning quvonchi uzoqqa bormadi. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining oqlov hukmi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari tomonidan bildirilgan nazorat tartibidagi protesti asosida chaqirib olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2020-yil 23-yanvardagi ajrimi bilan bekor qilingan va jinoyat ishining shu qismi yangidan appelyatsiya tartibida boshqa tarkibda koʻrib chiqish uchun yuborilsin, degan ajrim chiqarilgan. Lekin kimga yuborish ajrimda keltirilmagan.
Xat muallifi taʼkidlaganidek, 8 yillik tinimsiz murojaatlar, ota- onasi va oʻzining sogʻligini yoʻqotib, chekkan azoblari evaziga endigina oqlovga erishganida yana bu ishlar qaytadan boshlanadigan boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining oqlov hukmiga nazar tashlasak, birinchi instansiya sudining ayblanuvchiga nisbatan JKning 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205- moddasi 2-qismi, “a,v” bandlari, 206- moddasi 2-qismi, “a,v” bandlari, 210-moddasi 3- qismi “b” bandi, 241- prim 1 moddasi, 276- moddasi 1-qismi bilan JKning 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan ayblov xulosalarida dalillarning yetarli emasligi va bu ayblovlar oʻz isbotini topmaganligi, ushbu moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi boʻlmaganligi sababli ushbu hukmning Obid Amirqulovga oid qismi bekor qilinib, OʻzR JPK ning 83- moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilinib, oqlansin hamda jinoyat ishining unga oid qismi tugatilsin, deyiladi.
Ammo ushbu jinoyat ishi boʻyicha hech qanday eʼtiroz bildirilmagan, ariza yoki shikoyat tushmagan boʻlsada, respublika prokuraturasi tomonidan negadir qayta tekshiriladi va chaqirib olinadi. Buning sababini esa muallif quyidagicha izohlaydi.
-Men moddiy zararni va ishimga tiklashni soʻraganimdan keyin shu gaplar boshlandi, -deydi u. — Harbiy sud 2020-yil 9-yanvar kuni moddiy va maʼnaviy zarar boʻyicha hal qiluv qarorini chiqardi. 23-yanvarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi respublika prokuraturasining protestiga asosan meni oqlash haqidagi ajrimni bekor qildi. Oqlov hukmida hamma holat batafsil ochib berilgan. Sud aybim yoʻqligini, jinoyat ishida mavjud emasligini dalillar bilan yuz foiz isbotlagan. Lekin 2019-yil 18-dekabr kuni respublika prokuraturasi hech qanday ariza yoki boshqa asossiz jinoyat ishini nazorat tartibida chaqirib oldi. Besh oy tanishdi.
Axir, Prezidentimiz yaqindagi Murojaatnomasida eski tuzumdan qolgan sudning chiqargan qonuniy qarorlarini prokuratura tomonidan nazorat tartibida chaqirib olib, bekor qilish amaliyotini toʻxtatish kerak, dedilar. Bular esa teskarisini qilmoqda.
Fikrimcha menga 100 million soʻmdan ortiq moddiy va 40 million soʻm maʼnaviy zararni toʻlamaslik, avvalgi ishimga qayta tiklamaslik maqsadida bu ishlar qilinmoqda. Agar tiklash niyati boʻlganida men oqlov qarori boʻyicha 2019-yil 25-oktyabr kuni oʻz ishimga qayta tiklanishim kerak edi.
Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, oʻrganish amaliyotini cheklash lozim. Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib oʻrganishi mumkin”, deya taʼkidlagan edilar.
Murojaatda taʼkidlanganidek, oʻtgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019-yilning oʻzida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 2019-yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan boʻlsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va oʻzgartirildi.
Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini eʼtirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha boʻlgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham koʻndalang qoʻyadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi, -dedi Yurtboshimiz.
Ammo, amalda hanuz buning teskarisi boʻlmoqda. Xoʻsh, respublika prokuraturasi bu ishni nega va kimga qarshi qilmoqda, degan haqli savol tugʻiladi. Qolaversa, aybsiz 8 yil qamoqda oʻtirib chiqqan insonning taqdiri, toptalgan qadri-qimmati uchun kim javob beradi?
Ariza muallifi bilan boʻlgan suhbatimizda u sobiq MXX xodimlarining qilmagan ishini boʻyniga oldirish, aytmagan gapini ayttirish uchun qoʻllagan turli usullardagi tazyiqlari, ruhiy tushkunlik, umidsizlikdan qaddi bukilib, koʻrgan azoblari haqida gapirib berdi.
-Meni soʻroq qilganda sen oʻzi aybingni bilasanmi, deb soʻragani ham yoʻq, -deydi suhbatdoshimiz. -Boshligʻimning qilgan ishlarini yozib berishimni soʻradi. Men bilgan narsalarimni yozdim. Lekin ular oʻzlari istagan narsasini yozib berishimni soʻrardi.Albatta, maqsad qamash boʻlgan, qamadi. Men aybsizligimni isbotlash uchun 8 yil tinimsiz yozdim. Erishganim mana shu oqlov. 18 varaqli oqlov qarorida barcha dalillar keltirildi. Lekin Oliy sudning yarim varaqli qarori bilan bu oqlov bekor qilinyapti. Bu ajrimda mening nima ish qilganim ham yozilmagan. Nazorat tartibida oʻrganib, asos keltirolmagan. Tafsilotlarni berishmadi.
Endi Prezidentimiz taʼkidlaganidek, sudgacha boʻlgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklarining buzilishi, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi, deb turganimizda yana balolarga duchor qilishmoqda. 8 yillik ota onamning azobi va mana shu sochimning oqarishi oʻzi menga yetarli emasmi. Oqlanganimdan beri 5 oy oʻtdi hamki ishga tiklana olganim yoʻq. Moddiy va maʼnaviy zarar qoplanmadi. Har kuni gʻurbat, tashvishdan boshim chiqmay qoldi. Endi Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha sudiga chaqirishyapti. Eng qizigʻi, respublika miqyosidagi harbiy sud raisining imzosi bilan men oqlanyapmanda, shahar miqyosidagi sudya mening oqlovimni muhokama qilar ekan?! Oʻsha paytdagi soʻroq qilingan odamlar yana soʻroq qilinadimi? Ulardan biri esa vafot etgan. Men yana yo aybdor boʻlishim kerak, yoki oqlanishim kerak. Xoʻsh bu ishlar nima uchun kerak. Bu yana ovoragarchiliklar, sarsongarchilikdan boshqa narsa emas. Agar aybdor boʻlsam Oliy sudning oʻzida oqlovni bekor qilish qaroriga qoʻshimcha ajrim qilib, meni qayta hibsga olishi mumkin ediku. Lekin bu ishni yana shahar sudiga yuborib, qoʻpol qilib aytganda bir insonni bu darajada “koptok” qilib bir biriga tepishning nima keragi bor. Inson taqdiri ularga shunchalik “oʻyinchoqmi”?.
Ariza muallifining taʼkidlashicha OʻzR jinoyat protsessual kodeksining 510 prim 1 moddasining 1 qismi 2 bandida OʻzR Oliy sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining ajrimi ustidan OʻzR Oliy sudi Rayosatiga shikoyat qilish huquqiga ega. 30-yanvar kuni shikoyat taqdim etilgan. Unda har bir holat keltirilgan. Lekin ish Rayosatda koʻrilmadi. Aslida bu ish Rayosatda koʻrilib, apellyatsiya instansiyasida koʻrish yoki bekor qilish haqida ajrim chiqarilishi kerak. Yaʼni, Rayosatga yuborilgan xatga ikki xil javob kelishi mumkin, – ajrim yoki qaror.
Ushbu arizada keltirilgan voqealar yuzasidan bir necha savollar paydo boʻlishi tabiiy. Avvalo, sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib qayta tekshirish amaliyoti nega hanuz barham topmayapti? Ariza muallifi kabi fuqarolik haq-huquqlarini soʻrab Oliy sud Rayosatiga qilingan murojaatlar nega Rayosat tomonidan koʻrilmayapti? Fuqarolarni noqonuniy javobgarlikka tortgani uchun nega tergov organlari va sudyalar javob berishmaydi? Bunday holatlar xalqimizning sudlarga boʻlgan ishonchiga putur yetkazmaydimi?
Tahririyat ushbu savollarga tegishli mutasaddilardan javob kutib qoladi.
Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring