Oʻqituvchi huquqini kim himoya qiladi?
Illyustrativ foto
Qaysi sohada faoliyat yuritishimiz, qanday kasb egasi ekanimizdan qatʼiy nazar, har birimiz isteʼmolchimiz va bu borada oʻz huquqimizni himoya qilishga mudom ehtiyoj sezamiz. Mamlakatimizda isteʼmolchilar huquqlarini himoyalashga qaratilgan qonunchilik tizimi yaratilgan. Biroq, har qanday qonun normasi unga murojaat qilingandagina ishlaydi. Yaʼni manfaatdor shaxs – isteʼmolchining faolligi boʻlmasa, muammo oʻz-oʻzidan barham topmaydi.
“Urganch tumanining “Yuqoribogʻ” qishlogʻi, “Qipchoq” mahallasida istiqomat qilaman. Kasbim oʻqituvchi, tumandagi 5-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ishlayman, tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aʼzosiman.
2017 yil 8 fevralda “Damas” avtomashinasini sotib olish uchun Toshkent shahridagi “Jahona Cars” MCHJ bilan shartnoma tuzib, uning hisob raqamiga 35 mln. soʻm toʻlagandim. “Jahona Cars” MCHJ tomonidan shartnoma shartlari bajarilmay, menga avtomashina belgilangan muddatda yetkazib berilmadi. Buning ustiga toʻlagan pulimni ham qaytarishni paysalga solib, rosa sarson qilishdi. Bundan norozi boʻlib MCHJ va boshqa tashkilotlarga yozgan ariza va shikoyatlarim hech qanday natija bermadi.
2018 yil 6 aprelda Urganch tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga “Jahona Cars” MCHJga toʻlagan pulimni qaytarib olishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildim. Murojaatimga asosan tuman jamiyati fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudiga ariza kiritdi. 2018 yil 5 iyulda sud 35 mln. soʻm va bank foizi asosida koʻrgan 6 mln. 510 ming 958 soʻm zararim, jami 41 mln. 510 ming 958 soʻmni “Jahona Cars” MCHJdan undirish boʻyicha hal qiluv qarori chiqardi.
Qisqa vaqt ichida huquq va qonuniy manfaatlarimni tiklab bergan Urganch tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rahbar-xodimlariga minnatdorlik bildiraman.
Hurmat bilan, Dilshodbek Qozoqov”.
"Ushbu tashakkurnoma isteʼmolchining ana shunday faolligiga bir misol. Qolaversa, uni Federatsiya va uning hududiy tuzilmalarining isteʼmolchilar qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatiga berilgan xolis baho, deyish mumkin.
Ertangi kunimiz – oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasi oʻqituvchi va murabbiylar zimmasida ekan, ularning jamiyatdagi oʻrni va rolini oshirish, muammolariga yechim topish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bu borada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mazkur jarayonda oʻqituvchilarning isteʼmolchi sifatidagi muammolarini hal etishga ham alohida eʼtibor qaratilishi zarur. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bu borada bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
2018 yilning 9 oyi davomida isteʼmolchilardan Federatsiya va uning hududiy organlariga 9 865 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning asosiy qismi ijobiy yechimini topgan. Buning natijasida isteʼmolchilarning qariyb 5 milliard 467 million 684 ming soʻmlik qonuniy haqlari tiklab berilgan. Ular orasida sharafli kasb egalari – oʻqituvchilar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Joriy yilning 9 oyi davomida federatsiya tomonidan oʻqituvchilarning 466 million 776 ming soʻmlikdan oshiq qonuniy haqlari tiklab berilgani ham soʻzimiz isboti boʻla oladi", - deyiladi Federatsiya matbuot xizmati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring